Ma’muriy qamoqqa olingan shaxs tor kamerada saqlanayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
06 noyabr 2023
11412Farg‘onada ma’muriy qamoqqa olingan shaxs 2,5 kv/m dan ham kichik kamerada saqlanayotganligi aniqlandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakiliga fuqaro Q.B. murojaat qilib, unda viloyatdagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonada saqlanayotgan akasi X.B.ning sharoitlari yaxshi emasligini bildirgan.
Shundan so‘ng mazkur murojaat nazoratga olinib, huquqbuzar X.B.ning saqlanish sharoitlari o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida u qonun talablariga zid ravishda, 2,5 kv/m dan kam bo‘lgan kamerada saqlanayotgani aniqlangan.
“Shu kunning o‘zida X.B. boshqa kameraga o‘tqazilib, murojaat muallifining talablari qanoatlantirildi. Shu bilan birga unga keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari ham yetkazilishi ta’minlandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga sanitariya va gigiyena normalariga javob beradigan sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, kameralar yetarlicha tabiiy va sun’iy yorug‘likka ega bo‘lishi, unda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kv/m ni, ayollar uchun esa kamida 3 kv/m ni tashkil etishi kerak.
LiveBarchasi