Ma’lumotlarni soxtalashtirgan soliq mansabdorlari ushlandi
3-sahifa
−
24 may 7561 2 daqiqa
Ma’lumotlarni soxtalashtirgan soliq idoralari mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar doirasida soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdorlik evaziga “Barqarorlik reytingi” dasturidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali 18 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga baholarni sun’iy ravishda qo‘shish hamda xavf darajasini olib tashlashlari oqibatida jami 82 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi byudjetdan noqonuniy qaytarilgani holati aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jumladan, ushbu jinoyat ishi doirasida yog‘och importi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ hisobiga 5,5 mlrd so‘m QQSning manfiy summasi byudjetdan noqonuniy qaytarilgani holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2 nafar xodimi, shuningdek, MCHJ direktori va hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbari gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Mazkur shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 16 ta ob’ektda o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida 79 ming AQSH dollari, 161 mln so‘m, 3 ta LI 9 elektromobil, 2 ta Gentra, 1 ta Nexia 3 avtomashinasi, 1268 blokda TEREA nomli elektron sigaret tayoqchalari, 27 ta elektron kalitlar, shuningdek, muhr, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bildirilishicha, jinoyat ishi doirasida qolgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan byudjet mablag‘lari bo‘yicha ham tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida soliq inspektori, Qashqadaryo viloyatida esa sud-ekspertiza markazi xodimi pora bilan ushlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr