Myanmadagi zilzila qurbonlari soni mingdan oshib ketdi (foto)

Olam

image

Myanmada zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 1002 kishiga yetdi, yana 2376 kishi jarohat olgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, 28 mart kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida mamlakatning barcha zarar ko‘rgan hududlarida 1002 kishi halok bo‘lgan, 2376 kishi jarohat olgan, ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolgan.

Minglab aholi elektr va aloqa uzilishlari sababli Myanmada tabiiy ofatning oqibatlarini aks ettiruvchi yangi fotosuratlarni e’lon qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mamlakatning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Mandalaydan olingan suratlarda zarar ko‘rgan masjid aks etgan. BBC’ning birman xizmati xabariga ko‘ra, 28 martdan 29 mart tongigacha Mandalay shahrida yer osti silkinishlari davom etgan. Myanmaning ikkinchi yirik shahri aholisi kechani ochiq havoda o‘tkazishga majbur bo‘lgan, chunki ular 7,7 magnitudali kechagi zilzila yana qaytarilishidan qo‘rqqan.

Myanmadagi harbiy xunta rahbari Min Aung Xlaing xalqaro yordam so‘rab chiqish qilgan.

“Men har qanday davlat, tashkilot yoki shaxsni Myanmaga kelib, yordam berishga taklif qilaman. Rahmat”, degan u telemurojaatida.

Shuningdek, u xorijiy yordam uchun “barcha yo‘llarni ochganini” qo‘shimcha qilgan. AQSH, Yevropa Ittifoqi, ASEAN va Xitoy allaqachon yordam berishga va’da bergan.

BBC birman xizmatiga ko‘ra, Myanmadagi eng yirik ikkita shahar – Mandalay va Yangonda elektr energiyasi va aloqa tarmoqlari ishlamayapti.

“Elektr yo‘q bo‘lsa, telefonlarni quvvatlab bo‘lmaydi. Uzoqda yashovchi oilamiz bilan bog‘lanish qiyin. Internet ishlamayapti, chunki elektr ta’minoti yo‘q”, deya shikoyat qilgan bugun, 29 mart kuni ertalab Mandalay aholisi.

Myanmaning g‘arbiy qo‘shnisi Hindiston bugun, 29 mart kuni ertalab zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududga gumanitar yordam jo‘natgan. Kecha, 28 mart kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi yordam berishga va’da bergan va hind hukumati “shay holatda” ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Myanmada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 694 kishiga yetgani va 1670 kishi jarohatlanib, 68 kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

zilzila M'yanma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing