Myanmadagi zilzila qurbonlari 700 nafarga yaqinlashdi
Olam
−
29 mart
2086Myanmada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 694 kishiga yetdi, 1670 kishi jarohatlandi, 68 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Xitoy seysmologik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, kecha, 28 mart kuni soat 14:20 da Myanmada 7,9 magnitudali zilzila qayd etilgan (21,85 daraja shimoliy kenglik, 95,95 daraja sharqiy uzunlik). Zilzilaning epitsentri 30 km chuqurlikda joylashgan.
Zilzila ta’siri Tailand, Bangladesh, Laos, Xitoy va Hindistonda ham sezilgan. Tailand poytaxti Bangkokda qurilayotgan 30 qavatli bino qulab tushgan. Vayronalar ostida bir necha o‘nlab odamlar qolib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgan, 16 kishi jarohatlangan, 101 kishi bedarak yo‘qolgan. Mamlakat Meteorologiya departamenti Myanmadagi silkinishlardan so‘ng 77 ta afternshok qayd etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 5 million dollar mablag‘ ajratib, Myanma va zilziladan zarar ko‘rgan boshqa hududlarga yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgan. BMT vakillarining ta’kidlashicha, bu tabiiy ofat Myanmada allaqachon og‘ir bo‘lgan gumanitar vaziyatni yanada murakkablashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur zilzila oqibatida Myanmada kamida 144 kishi halok bo‘lgani va 732 kishi jarohatlangani xabar qilingan edi.