Myanmada fevral boshidan beri o‘ldirilganlar 550 nafardan oshdi
Olam
−
05 aprel 2021
3521Myanmada harbiy isyon va qonuniy hukumat a’zolarining hibsga olinishiga qarshi namoyishlarda halok bo‘lganlar soni 557 nafarga yetdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi Myanmaning Siyosiy mahbuslarga yordam berish assotsiatsiyasi (AAPP) hisobotiga tayanib, xabar berdi.
So‘nggi sutkaning o‘zida namoyishchilarni tarqatish vaqtida 7 kishi halok bo‘ldi. Shu bilan birga, 2658 nafar aksiya ishtirokchisi hamon hibsda qolmoqda, 235 kishini qamoqqa olishga order berilgan.
Ammo mamlakatda norozilik namoyishlari hamon davom etyapti. Mitinglar Mague, Mandalaye, Bago va boshqa shaharlarda o‘tkazilyapti.
Myanmada to‘ntarish
Myanmada 1 fevral kuni armiya Tashqi ishlar vaziri va davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va boshqa amaldorlarni hibsga olib, hokimiyatni egallaganini e’lon qildi.
Ayni vaqtda mamlakatda hokimiyat Myanma Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Aun Xlayna qo‘lida bo‘lib turibdi.
Harbiylar to‘ntarish 2020 yil 8 noyabrda o‘tkazilgan saylovlarda soxtalashtirishlar bo‘lgani haqidagi ayblovga javob bo‘lgan. To‘ntarish ortidan mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan.
To‘ntarishdan keyin Myanmada 24 nafar vazir va uning o‘rinbosarlari ishidan ayrildi. Keyinroq, 1 aprelda isyonchilar 1 oy muddatga o‘t ochishni to‘xtatganini e’lon qildi.
LiveBarchasi