Lukashenkoning raqibi poraxo‘rlikda ayblanib, 14 yilga “kesildi” 

Olam

image

Belarus prezidentligi uchun sobiq nomzod, “Belgazprombank”ning sobiq rahbari Viktor Babariko 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bunday hukm Belarus Oliy sudi sudyasi Igor Lyubovitskiy tomonidan chiqarildi.  

Ayblanuvchi katta miqdordagi pora olishda va pul “yuvish”da aybdor deb topilgan. 

Ta’kidlanishicha, Babariko 14 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini kuchaytirilgan tartibdagi axloq tuzatish koloniyasida o‘taydi. Shuningdek, unga bazaviy hisoblash miqdorining 5 ming baravariga teng (145 ming belarus rubli) jarima tayinlangan va Babariko besh yil rahbarlik lavozimlarida ham ishlay olmaydi. 

Ish bo‘yicha qolgan sudlanuvchilar uyushgan guruh tomonidan katta miqdordagi pora olganiga iqror bo‘lgan. “Belgazprombank”ning sobiq top-menejerlari Sergey Shaban va Dmitriy Kuzmich tegishli tartibda 6 va 6,5 yilga, Kirill Badey, Aleksandr Ilyasyuk, Sergey Dobrolet — har biri 5,5 yildan ozodlikdan mahrum qilingan. Aleksey Zadoykoning esa surunkali kasalligi borligi sababli besh yil muddatga erkinligi cheklangan. 

Qayd etilishicha, Babariko aybini tan olmagan va sudda ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. So‘nggi so‘zida u o‘zi qilmagan jinoyatni tan ololmasligini aytgan. Uning barcha sheriklari esa o‘z aybiga iqror bo‘lgan. 

“Men yaqinlarim oldida uyalmayman, chunki hech qanday noqonuniy xatti-harakatlar bo‘lmagan, hattoki noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlik bo‘yicha ishora ham bo‘lmagan. Men bank xodimlari oldida ham uyalmayman, chunki mamlakatdagi eng yaxshi bank yaratilgan”, degan Babariko. 

Tergov va sud xulosalariga ko‘ra, “Belgazprombank”ning top-menejerlari bir qator tijorat tuzilmalari manfaatlaridan kelib chiqib, 2004 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda ushbu tashkilotlar vakillaridan noqonuniy ravishda pul mukofotlarini olgan. Babarikodan tashqari sudlanuvchilar ayblanayotgan jinoyatlardagi ayblarini to‘liq tan olgan. 

Babariko “Belgazprombank” rahbari lavozimini o‘tgan yilning may oyida, prezidentlik saylovlarida ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi munosabati bilan tark etgan. U o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun imzo to‘plagan va 18 iyun kuni hibsga olingan. Iyul oyida saylov komissiyasi Babarikoning noqonuniy faoliyati va deklaratsiyada aks ettirilgan noqonuniy daromadlari sababli uni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etgan. Babariko bilan birgalikda saylovoldi shtabining rahbari bo‘lgan o‘g‘li Eduard ham hibsga olingan. 

2020 yil 15 iyun kuni Belarus Milliy banki Babariko va boshqa top-menejerlarga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgandan so‘ng “Belgazprombank”da vaqtinchalik boshqaruvni joriy qilgan. 

2020 yil noyabrda Prezident Aleksandr Lukashenko dekabr oyida “Belgazprombank”da yangi ma’muriyat tashkil etilishini va bank o‘z faoliyatini davom ettirishini e’lon qilgan. 

O‘tgan yilning avgust oyida Belarus muxolifatining yetakchilaridan biriga aylangan Babarikoning saylovoldi shtabi koordinatori, musiqachi Mariya Kolesnikova sentyabr oyida hibsga olingan. 

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi.  

Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Babariko

Baholaganlar

48

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing