Lukashenkoga trillion dollar nega kerak bo‘lib qoldi?

Olam

image

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat iqtisodiyotini tubdan isloh qilish uchun bir trillion dollar mablag‘ zarurligini ta’kidladi.

"Biz barcha narsani vayron qilish va yana qayta qurish uchun yillar davomida o‘zgarishlar va islohotlar qilmadik. Biz buni amalga oshirishimiz mumkin. Ammo buning uchun bizga yuzlab milliard dollar emas, balki bir trillion dollar kerak bo‘ladi. Bunday pullar bizda yo‘q. Nafaqat bizda, balki boshqa hech qanday mamlakatda buncha mablag‘ mavjud emas”, dedi Lukashenko.

Shuningdek, u Belarusda Sovet davri merosi buzilmayotganini, balki “yangi o‘sish” bo‘layotganini ta’kidladi.

Umuman olganda Belarus Prezidentlik saylovlari arafasida turli mojarolar girdobiga tushib qoldi. Avvalroq Lukashenko ayollarni juda hurmat qilishini aytgan, ammo shunga qaramay ular rahbarning zimmasidagi ulkan yuk tufayli mamlakatni boshqara olmasliklarini ma’lum qilgan edi.

To‘rt nafar ayol 9 avgust kuni mamlakatda bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovlarida qatnashish niyatini bildirgan edi. Keyin ulardan biri ortga chekindi.

Bundan tashqari, 11 iyun kuni Respublika Davlat nazorati qo‘mitasining (DNQ) Moliya-qidiruv boshqarmasi “Belgazprombank”da o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng 243-moddaning 2-qismi ("Katta miqdorda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash") va 235-moddasi 2-qismi ("Jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

18 iyun kuni DNQning xabar berishicha, “Belgazprombank”ning sobiq rahbari va Belarus Prezidentligiga nomzod Viktor Babariko noqonuniy faoliyat olib borganligi sababli hibsga olingan. Viktor Babariko bilan birga uning saylovoldi shtabini boshqarayotgan o‘g‘li Eduard DNQ qamoqxonasiga jo‘natildi. 

“Belgazprombank” ishida jami 20 kishi hibsga olindi. 19 iyun kuni Belarus Bosh prokurori Jinoyat kodeksining "Jinoiy tashkilot tuzish yoki unda ishtirok etish" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Sudlanuvchilar 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus'

Baholaganlar

185

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing