Lukashenko jurnalist Protasevich o‘limga hukm qilinishi mumkinligi haqida gapirdi

Olam

image
HAMAS qolib endi Shveysariyami? Lukashenko samolyotning favqulodda qo‘ndirilishiga ilk bor izoh berdi north_east

HAMAS qolib endi Shveysariyami? Lukashenko samolyotning favqulodda qo‘ndirilishiga ilk bor izoh berdi

“Nexta” Telegram kanalining hammuassisi Roman Protasevich o‘ziga o‘lim jazosi xavf solayotganini aytgan payt, “nima haqida gapirayotganini bilar edi”. Bu haqda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko hukumat a’zolari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi

Joriy yilning may oyi oxirida o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi Bosh prokuraturasi Protasevichga qarshi go‘yoki, u 2014 yilgi Donbassdagi harbiy harakatlarda qatnashgan, degan ayblov bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kecha, 1 iyun kuni Lugansk departamenti Belarusda hibsga olingan Protasevich bilan uchrashishga ruxsat berishni so‘radi.

Lukashenko hukumat a’zolari bilan yig‘ilish doirasida Luganskning yuqoridagi murojaatini muhokama qilar ekan, shunday dedi:

“Donbassda ushbu shaxsga (Roman Protasevich — tahr.) nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Men Prezident Putinga buni eslatib, agar [Lugansk va Donetsk] respublikalarida Protasevichga nisbatan savollar bo‘lsa, kelsin, unga savollarini bersin, deb aytdim”.

Belarus davlat rahbari so‘zida davom etar ekan, 23 may kuni Minskga majburan qo‘ndirilgan “Ryanair” samolyotining bortida bo‘lgan Protasevichning qo‘lga olinishiga to‘xtalib o‘tdi.

“Axir u (Protasevich) odamlarni aynan Donbassda o‘ldirgan va samolyotning qo‘ndirilishi paytida u o‘ziga nisbatan o‘lim jazosi xavf solayotganini aytib, baqirgandi. U nima haqida gapirayotganini bilar edi. Protasevich Ukrainaning janubi-sharqida (Donbass nazarda tutilgan — tahr.) o‘ziga qarshi da’volar ilgari surilishi mumkinligini tushunardi va bu butunlay boshqacha holat”, deydi Lukashenko. 

Ma’lumot uchun, o‘lim jazosi Donetskda istisno tariqasida qo‘llanishi mumkin (Donetsk Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, urush davrida og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkin).

Donbassda joylashgan boshqa bir respublika — Luganskda Protasevichga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, biroq bu yerda o‘lim jazosi 2015 yildan beri bekor qilingan. 

Qiziq holat: Protasevichning Donbassda “Azov” batalyoni safida ko‘ngilli sifatida jang qilgani to‘g‘risidagi ayblovlar u 23 may kuni Belarusda hibsga olinganidan keyin paydo bo‘lgan. 

Protasevichning o‘zi o‘tgan yili rossiyalik jurnalist Yuriy Dud bilan suhbatda Donbassda faqat fotomuxbir sifatida qatnashganini aytgan edi.

“Azov”ning sobiq qo‘mondoni Aleksandr Biletskiy buni tasdiqlagan:

“Ha, Roman haqiqatan ham “Azov” va boshqa harbiy qismlar bilan birgalikda Ukrainaning bosib olinishiga qarshi kurashgan. U biz bilan birga Shirokinoda bo‘lgan va o‘sha yerda yaralangan. Ammo uning jurnalist sifatida quroli avtomat emas, balki so‘z edi”, deydi Biletskiy.

Shunga qaramay, 1 iyun kuni Lugansk Bosh prokuraturasi “Protasevichni Donbassda tinch aholining o‘qqa tutilishi va fuqarolik infratuzilmasining yo‘q qilinishiga aloqador ekanini” tasdiqlagan. 

Lugansk qonunlariga ko‘ra, bu uchun Protasevich 20 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Protasevich Belarusda ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish bo‘yicha jinoiy ish ishtirokchisi hisoblanadi. Buning uchun u maksimal 15 yilga qamalishi mumkin.

Shuningdek, Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi jurnalist Protasevichni terroristik faoliyatga aloqador shaxslar ro‘yxatiga kiritgan. Buning uchun esa u qatl qilinishi mumkin. Biroq, terroristik harakatlar to‘g‘risidagi moddalar bilan Protasevichga nisbatan hali jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.

Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?

Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.

Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan. 

Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda. 

Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).

“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi. 

Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

109

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing