HAMAS qolib endi Shveysariyami? Lukashenko samolyotning favqulodda qo‘ndirilishiga ilk bor izoh berdi

Olam

image

Joriy yilning 23 may kuni Belarus poytaxti Minskga favqulodda qo‘ndirilgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti bortida bomba borligi haqidagi xabar Shveysariyadan kelgan. Bu haqda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi

Mamlakat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, samolyot bortida bomba borligi haqidagi xabar nafaqat Minskka, aniqrog‘i milliy aeroportning elektron pochtasiga, balki bir vaqtning o‘zida Gretsiya poytaxti Afina va Litva poytaxti Vilnyusga ham kelib tushgan.

“Samolyotning minalashtirilgani to‘g‘risidagi xabar chet eldan, Shveysariyadan kelgan. Bundan tashqari, xabar bir vaqtning o‘zida Afina, Vilnyus va Minskga jo‘natilgan. Bu nafaqat bizning aeroportimizga, balki bir vaqtda jo‘nash va qo‘nish aeroportlariga ham yuborilgan”, deydi Lukashenko.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ma’lumot zudlik bilan samolyot ekipajiga yetkazilgan. 

“Xalqaro qoidalarga ko‘ra boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi, chunki o‘sha paytda samolyot Belarus chegarasini kesib o‘tgan va uning havo hududida edi”, deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Belarus rasmiylari Minskda favqulodda qo‘ndirilgan “Ryanair” samolyotida bomba borligi haqidagi xabar HAMAS harakati nomidan yuborilganini aytayotgandi. 

O‘z navbatida, Belarus rasmiylariga javoban Falastinning HAMAS harakati vakili Favzi Barhum Minskda favqulodda qo‘ndirilgan “Ryanair” samolyotini portlatish bilan tahdid qilingani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Ma’lumot o‘rnida, 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.

Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?

Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.

Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan. 

Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda. 

Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).

“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi. 

Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

205

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing