Lukashenko Yevropaga po‘pisa qildi

Olam

image

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevropa Ittifoqi davlatlari va Polsha tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarga, xususan, chegarani to‘liq yopib qo‘yish tahdidiga keskin javob berishga tayyorligini aytdi. Bu haqda “BelTA” xabar bermoqda.  

“Biz Yevropani isityapmiz, ular hali ham chegarani yopamiz, deb tahdid qilmoqda. Agar biz u yerda tabiiy gazni o‘chirib qo‘ysakchi? Shuning uchun men Polsha rahbariyatiga, litvaliklarga va boshqa miyasiz odamlarga gapirishdan oldin o‘ylab ko‘rishni tavsiya qilaman. Lekin bu ularning ishi. Yopishsa yopishsin. Ammo Tashqi ishlar vazirligi Yevropadagi barchani ogohlantirishi kerak: agar ular bizga nisbatan “hazm bo‘lmaydigan” va “qabul qilib bo‘lmaydigan” qo‘shimcha sanksiyalar qo‘ysa, biz javob berishimiz zarur. Qanday javob berish kerak, biz siz bilan olti oy oldin kelishib olganmiz”, degan Lukashenko. 

U Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenkoga ko‘rsatma bilan murojaat qilgan: 

“Biz ularni kechirishga majbur emasmiz. Polsha bizni chegarani yopish bilan qo‘rqitmoqda. Marhamat, yoping: u yerga kamroq qochoqlar ko‘chib o‘tadi. Masala bunda emas. Men umuman miyasi yo‘q bu ablahlarni tingladim. Agar biz Belarus orqali tranzitni yopsakchi? Ukraina orqali o‘tib bo‘lmaydi: u yerda Rossiya chegarasi yopiq. Boltiqbo‘yi bo‘ylab yo‘llar yo‘q. Agar biz uni polyaklar, masalan, nemislar uchun yopsak, unda nima bo‘ladi?”. 

Polsha rasmiylari so‘nggi kunlarda yuzaga kelgan muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz tufayli Belarus bilan chegarani butunlay yopishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Hukumat rasmiy vakili Pyotr Myuller Varshava o‘z hududiga qochqinlar kirib kelishiga qarshi kurashning eng radikal ssenariysi — chegarani yopish, savdoni to‘liq to‘xtatish hamda Polsha va Belarus o‘rtasida odamlarning harakatlanishini taqiqlashni ko‘rib chiqayotganini tasdiqlagan. 

Ma’lumot o‘rnida, Yamal — Yevropa gaz quvuri to‘rtta davlat — Rossiya, Belarus, Polsha va Germaniya orqali o‘tadi. Gaz quvurining Belarus qismi beshta kompressor stansiyasidan iborat bo‘lib, uning uzunligi 575 kilometr.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa chegara Lukashenko

Baholaganlar

459

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing