Lukashenko Minskdagi namoyishlar ortidan Ichki ishlar vazirini ishdan oldi
Olam
−
29 Oktabr 2020
5714Joriy yilning 25 oktyabr kuni Minskda boshlangan namoyishlar fonida Belarus Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida 2019 yilning iyun oyidan beri ishlab kelayotgan Yuriy Karayev iste’foga chiqarildi. Prezident Aleksandr Lukashenko Yuriy Karayevni Ichki ishlar vaziri lavozimidan ozod qildi va uning o‘rniga ilgari Minsk Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Ivan Kubrakovni tayinladi. Bu haqda BelTA agentligi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Valeriy Vakulchik Belarus Prezidentining yordamchisi – Brest viloyati bo‘yicha inspektor, Yuriy Karayev – Grodno viloyati bo‘yicha inspektor, Aleksandr Barsukov Minsk bo‘yicha inspektor lavozimlariga tayinlangan.
Lukashenko yangi yordamchilarni yuqori malakasi va harbiy chidamliligi tufayli tanlaganini tushuntirdi.
"Men kadrlar to‘g‘risida qaror qabul qildim va siz uchalangiz nafaqat o‘ta xavfli hududlarga, balki mamlakatimizning juda muhim hududlariga yo‘l olmoqdasiz”, degan Lukashenko.
Davlat rahbari mamlakatdagi beqarorlik davom etayotgani va u nima bilan tugashini oldindan taxmin qilib bo‘lmasligini aytgan.
Lukashenko vazirlik lavozimiga nomzodni bir necha kishi orasidan tanlaganini, ammo Minskdagi vaziyatni yaxshi bilishi tufayli Kubrakovning shaxsiga to‘xtalib o‘tganini ta’kidladi.
"Men o‘nlab taklif qilingan nomzodlar orasidan Kubrakovda to‘xtadim, maslahatlashdim va tanladim. Birinchidan, Minskda ozmi-ko‘pmi qiyin vaziyat bor, bu bilan shug‘ullanish kerak bo‘ladi, siz shu yo‘nalishdasiz”, degan Prezident Ichki ishlar vazirligining yangi rahbariga murojaat qilib.
Belarus Prezidentiga ko‘ra, Ichki ishlar vaziri Kubrakov Minskka tayinlangan yordamchi Aleksandr Barsukov bilan yaxshi tanish, u shu paytgacha ichki ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
“Bilasizmi, u tajribali, sadoqatli odam. Bir-birini yaxshi tushunadigan odamlarning yaxshi mushtlari shakllanadi", deydi Lukashenko.
Prezident yangi kadrlarni tayinlashdagi g‘oyasi "tajriba, sadoqat, vatanparvarlik va iste’dodni birlashtirish” ekanligini ta’kidladi. "Va men bu ishda muvaffaqiyat qozonishingizga umid qilaman", deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 oktyabr kuni Svetlana Tixanovskaya boshchiligidagi muxolifatchilar tomonidan mamlakatning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenkoga qo‘yilgan “xalq ultimatumi” muddati tugadi. “Ultimatum” shartlari bajarilmagani bois odamlar yana ko‘chalarga chiqdi. Minskda o‘tgan namoyishlarda 100 mingdan ortiq odam ishtirok etgan.
LiveBarchasi