Lukashenko boyliklari haqidagi filmga munosabat bildirdi
Olam
−
13 mart 2021
5841Avvalroq, Belarus muxolifatining vakillari Prezident Aleksandr Lukashenkoning boyligi haqida filmini ommaga e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 13 mart kuni Aleksandr Lukashenko jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ushbu filmga munosabat bildirdi. Bu haqda “BelTA” yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Belarus rahbari ushbu filmdagi ma’lumotlarning yolg‘onligini ta’kidlagan.
“Hech qachon odamlardan biror narsa o‘g‘irlashga jazm qilmayman”, deydi Lukashenko.
Belarus Prezidenti shuningdek, ushbu filmni hali ko‘rmaganini qo‘shimcha qilgan.
“Harakat qilaman. Aytishlaricha, juda katta film ekan. Tomosha qilish uchun unchalik vaqtim yo‘q. Menga shunchaki (filmni – tahr.) tahlil qilib berishdi. Bu filmda hech qanday yangilik yo‘q, degan xulosaga keldim”, deydi Prezident.
Aleksandr Lukashenko hech qachon bir gap aytib, keyin uning teskarisini qilishi mumkinmasligini ta’kidlagan.
“Men uchun eng qo‘rqinchlisi – sizning oldingizda sharmanda bo‘lish. Men hech qachon aytmaganimni qilmayman. Agar aytgan bo‘lsam, bajaraman. Shuning uchun izlashga (saroy va boyliklar nazarda tutilgan – tahr.) hojat yo‘q. Ular (muxolifat vakillari – tahr.) bu mavzuni behuda ko‘tarishdi. Bu – Putin haqidagi filmning bir nusxasi”, deydi Belarus rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin haqida ham surishtiruv filmi ommaga e’lon qilingan edi. Ushbu film Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy rahbarligidagi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi tomonidan suratga olingan.
LiveBarchasi