Lukashenko Belarusning Davlat ramzlari bayramiga kelmadi

Olam

image

Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko mamlakat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi kunini nishonlash marosimiga kelmadi. U 9 maydan beri ko‘rinish bermayapti. Bu haqda "Nasha Niva"  belarus gazetasi xabar qildi.

Aytilishicha, bugun, 14 may kuni ertalab Lukashenkoning tabriklari Belarus rahbari veb-saytida e’lon qilindi. 
Marosimda esa Bosh vazir Roman Golovchenko ushbu tabrikni o‘qib eshittirdi. Ayrim OAVlarning yozishicha, tadbir arafasida Lukashenkoning korteji ikki soat davomida Minsk yaqinidagi prezident kasalxonasida atrofida turgan.

Manbaga ko‘ra, Lukashenko 9 may kuni Moskvada G‘alaba kuni nishonlanganidan keyin ommaviy tadbirlarda umuman qatnashmayapti. U Qizil maydondagi paradda va "Noma’lum askar"  yodgorligiga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etgan, biroq Kremldagi nonushtada  ham ko‘rinish bermagan.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘shanda buni Lukashenkoning Belarusdagi bayram tadbirlariga jo‘nab ketgani bilan izohlagandi. O‘sha kuni Belarus yetakchisi Minskdagi G‘alaba maydoniga bordi va u yerdagi yodgorlik poyiga gul qo‘ygandi. Keyingi tantanali marosimda esa Lukashenko nutq so‘zlamadi. Uning o‘rniga mamlakat Mudofaa vaziri Viktor Xrenin buni amalga oshirgan, Lukashenko esa chetda turgan.

Ma’lumot uchun, 68 yoshdagi Aleksandr Lukashenko Belarusni 1994 yilning iyulidan buyon boshqarib kelmoqda. 2014 yilda Lukashenko tizzasidan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan, 2020 yilda esa u koronavirus bilan asemptomatik kasal bo‘lganini ma’lum qilgan. O‘sha yili Lukashenkoning kasalxonaga yotqizilishi haqida mish-mishlar tarqalgan, biroq uning matbuot kotibi Natalya Eysmont buni rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Lukashenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing