Los-Anjelesda Gollivud yulduzlarining uylari yonib kul bo‘ldi
Olam
−
09 yanvar
9197Los-Anjelesdagi o‘rmon yong‘inlari tufayli Gollivud aktyorlari Entoni Xopkins, Adam Brodi, Anna Feris va boshqa ko‘plab mashhurlar o‘z uylarini yo‘qotdi. Bu haqda “Page Six” nashri xabar berdi.
“Adam Brodi va Layton Misterning 6,5 million dollarga baholangan hashamatli uyi yonib kulga aylangan. Anna Feris ham yong‘in tufayli ko‘p million dollarlik qasridan ayrilgan. Entoni Xopkinsning Pasifik Paliseyds hududidagi uyi yong‘indan keyin vayronaga aylangan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, aktyorlar Maylz Teller, Yujin Levi, Billi Kristal, Jon Gudman va boshqa ko‘plab mashhurlarning ham uylari yonib ketgan. Yong‘in tufayli ularning ko‘pchiligi evakuatsiya qilingan.
“Associated Press” nashrining mahalliy rasmiylarga tayanib xabar berishicha, yong‘inlar oqibatida oltitadan ortiq maktab binosi shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan. Bu maktablar orasida Gollivud filmlarida, jumladan, 1976 yilda suratga olingan “Kerri” horror filmida va “Kichik bo‘ri” serialida namoyish etilgan “Palisades Charter” maktabi ham bor.
Los-Anjeles okrugida o‘n minglab aholi uchun majburiy evakuatsiya buyruqlari berilgan. Okrug yong‘in xizmati rahbari mavjud resurslar bir yoki ikki katta yong‘in bilan kurashish uchun mo‘ljallanganini, lekin hozirgi vaziyat ancha murakkabligini tan olgan. Kuchli shamollar aviatsiya ishlarini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan, Paliseyds hududidagi yong‘in gidrantlari esa ishlamayotgani qayd etilgan. Mazkur yong‘inlar Los-Anjeles tarixidagi eng halokatli voqealardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Yana bir katta yong‘in – “Iton-Fayr” Altadena hududida 10 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan va 13 mingga yaqin binoni xavf ostida qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden Los-Anjelesda kuchli yong‘inlarga qarshi choralarni qo‘llab-quvvatlash uchun Favqulodda holat deklaratsiyasini tasdiqlagan edi.
LiveBarchasi