Londonda Falastinni qo‘llab namoyishga chiqqan 126 kishi hibsga olindi
Olam
−
12 noyabr 2023
4637Kecha, 11 noyabr kuni Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida Falastinga xayrixoh 100 minglab odam namoyishga chiqdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shahar ko‘chalarida sekinlik bilan to‘plana boshlagan olomon dastlab aholi tinchligiga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Biroq ularning soni ortib borgani sari tartib buzilish holatlari ham ko‘paygan, jumladan namoyishchilarning ba’zilari politsiyaga nisbatan zo‘ravonlik qila boshlagan.
Komissar yordamchisi Mett Tvistga ko‘ra, politsiya ko‘rsatmalarini bajarish o‘rniga ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatishga harakat qilgan 126 nafar namoyishchi hibsga olingan.
To‘qnashuv chog‘ida politsiya xodimlari orasidan 9 kishi jarohatlangan. Shuningdek, qo‘lga olingan qoidabuzarlar tintuv qilinganda ularning yonidan bir qator sovuq qurollar, jumladan, pichoq, tayoq va A sinfidagi giyohvand moddalar topilgan.
“Metropolitan police”ning xabar berishicha, kecha poytaxtga 300 ming nafarga yaqin odam yig‘ilgan, tadbir tashkilotchilari esa ularning soni hali 800 mingga yaqinlashishi va bu Britaniya tarixidagi eng yirik namoyishlardan biri bo‘lishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa poytaxtlarida (ba’zilarida hukumat taqiqlaganiga qaramay) ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik qochqinlar uchun gumanitar yo‘lak ochishni talab qilmoqda. Jumladan, joriy yilning 28 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida ham Falastinni qo‘llovchi miting bo‘lib o‘tdi. Unda hatto mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham qatnashdi.
Shuningdek, 29 oktyabr kuni Toshkentda ham Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ruxsat etilmagan miting o‘tkazish va unda qatnashishni rejalashtirgan fuqarolar Amir Temur xiyoboniga to‘plandi.
LiveBarchasi