Livanda vaziyat jiddiy. Britaniya fuqarolarini mamlakatdan ketishga chaqirmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya fuqarolarini Livanni zudlik bilan tark etishga chaqirdi, chunki mamlakatda vaziyat tezda yomonlashishi mumkin. Bu haqda TIV bayonot berdi. 

Hujjatda Livanga sayohat qilish ham tavsiya etilmagan. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vaziyatning keskinlashuvi mamlakatdan avtomobil orqali chiqish yo‘llariga “ta’sir qilishi, cheklashi va yopilishi” mumkinligini istisno etmadi.

“Tanglik darajasi yuqori va vaziyat tezda yomonlashishi mumkin. Biz hali ham Livandagi konsulligimiz mavjudligini kuchaytirish uchun kechayu kunduz ishlayapmiz va u yerdagi Buyuk Britaniya fuqarolariga xabarim oddiy – hoziroq keting”, deydi qirollik Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi.

U “bu mojaroning kengayishi hech kimning manfaatiga to‘g‘ri kelmasligini” qo‘shimcha qilib, uning oqibatlari “halokatli bo‘lishi mumkinligi” haqida ogohlantirdi.


Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, London elchixona faoliyati va uning xavfsizligini ta’minlash uchun Livanga qo‘shimcha diplomatik xodimlar va harbiy xizmatchilarni yuborgan.

“Bundan tashqari, RFA Cardigan Bay desant kemasi va HMS Duncan esminesi O‘rta yer dengizining sharqiy qismida joylashgan va Qirollik havo kuchlari transport vertolyotlarini kutish rejimida ushlab turadi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Qayd etish joizki, bugun, 3 avgust kuni Isroil harbiy-havo kuchlarining uchuvchisiz uchish apparati Damashq-Bayrut trassasi bo‘ylab harakatlanayotgan “Hizbulloh” askarlarining mashinasiga zarba bergan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba oqibatida mashina yonib ketgan va uning ichidagilarning barchasi halok bo‘lgan. Hodisa Zarzordagi nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida sodir bo‘lgan.

Shundan so‘ng, “Hizbulloh” uch nafar jangchisi halok bo‘lgan havo hujumlariga javoban G‘arbiy Jaliladagi isroillik aholi punktlariga bir necha marta raketa zarbalari berdi. Harakat bayonotida Avivim, Baram va Shlomi shaharlaridagi Isroil harbiy bazalari o‘qqa tutilgani aytilgan. 

“Dushman kuchlariga o‘nlab raketalar otilgan, dushmanning ishchi kuchi va texnikasidagi yo‘qotishlari qayd etilgan”, deyiladi xabarda.

Isroil armiyasi matbuot xizmati bir soat ichida Livandan Isroil shimolidagi Yuqori va G‘arbiy Jalila hududlariga ko‘plab raketa va snaryadlar uchirilganini ma’lum qildi. Bildirilishicha, artilleriya javoban o‘q uzilgan hududlarga zarba bergan.

Harbiylarga ko‘ra, snaryadlardan biri Isroil shimolidagi Avivim qishlog‘i yaqiniga tushgan. Matbuot xizmati hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Livan poytaxti Bayrutdagi Shvetsiya elchixonasi vaqtincha yopilishi xabar qilingandi. 1 avgust kuni Qirg‘iziston hukumati ham Isroil va Livandagi vaziyat yomonlashgani sababli o‘z fuqarolariga vaqtinchalik bu davlatlarga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Livan fuqarolar Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing