Livan-Isroil chegarasi yaqinidagi BMT qarorgohiga raketa kelib tushdi
Olam
−
16 Oktabr 2023
4519Livan janubidagi En-Nakura shahridagi BMT tinchlikparvar missiyasi qarorgohiga raketa kelib tushdi. Bu haqda missiya bayonotida aytiladi.
Aniqlik kiritilishicha, hodisa “Hizbulloh” (terorristik tashkilot) va Isroil o‘rtasidagi shiddatli otishma chog‘ida sodir bo‘lgan. Oqibatda hech kim jabrlanmagan. Hozirda snaryad qayerdan otilgani aniqlanmoqda.
“BMT tinchlikparvar missiyasi o‘sha paytda binoda bo‘lmagan va hech kim jabrlanmagan”, deyiladi missiya bayonotida.
Ma’lum qilinishicha, mojaroning har ikki tomoni bilan faol aloqalar va muzokaralarga qaramay harbiy harakatlar kuchayishda davom etmoqda.
“Biz barcha manfaatdor tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga va tinchlikparvar kuchlar sifatida bizga yechim topishga yordam berishga chaqiramiz. Eslatib o‘tamiz, tinch aholiga yoki BMT xodimlariga qarshi hujumlar xalqaro huquqning buzilishi bo‘lib, bu urush jinoyatlari hisoblanishi mumkin”, deyiladi bu haqdagi ma’lumotda.
Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi G‘azo sektori blokadasida 11 nafar xodimi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi