Qozog‘iston G‘azodan fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshladi
Olam
−
13 noyabr 2023
3771Qozog‘istonliklarni G‘azo sektoridan evakuatsiya qilish boshlangandi. Bu haqda bugun, 13 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozmoqda “Nur.kz”.
Aybek Smadiyarov 10 noyabr kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining Isroil Tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tganini, unda mintaqadagi mavjud vaziyat muhokama qilinganini bildirgan.
“Vazirimiz G‘azo sektorida joylashgan Qozog‘iston fuqarolarini evakuatsiya qilish mamlakatimiz uchun ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Muzokaralar, shuningdek, Qozog‘istonning Misr, Iordaniya va Isroildagi elchixonalarining muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli bugundan fuqarolarimizni G‘azo sektoridan evakuatsiya qilish jarayoni boshlandi. 13 noyabr kuni 44 nafar fuqarodan iborat birinchi guruh – Qozog‘iston Respublikasining 40 fuqarosi va to‘rt nafar xorijlik – va ularning oila a’zolarini evakuatsiya qilish rejalashtirilgan”, deydi u.
Unga ko‘ra, chiqish Rafah nazorat punkti orqali amalga oshiriladi. O‘tkazish punktidan o‘tgan qozog‘istonliklar quruqlik orqali Qohira shahriga yetkaziladi va mehmonxonaga joylashtiriladi. Barcha hujjatlar tekshirilgandan so‘ng ular Qozog‘istonga jo‘natiladi.
Umuman olganda, uning ta’kidlashicha, evakuatsiya qilinganlar orasida Qozog‘istondan tashqari to‘qqiz davlat – Marokash, Iordaniya, Rossiya, Ispaniya, Shvetsiya, Peru, Niderlandiya, Buyuk Britaniya va AQSH vakillari ham bor.
“Bugungi kunda Rafah punkti orqali jami 594 kishi, jumladan, 44 nafar fuqaromiz evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Qozog‘iston diplomatlari allaqachon Qohiraga jo‘nab ketgan, nazorat-o‘tkazish punktlaridan o‘tib, Rafahga yaqinlashmoqda – ular bir soat ichida yetib kelishlari kerak. Ular yetib kelishlari bilan Misr va G‘azo hukumatlari bilan birgalikda hujjatlarni tekshirishni boshlaydilar va fuqarolarimizni birin-ketin olib ketishadi”, deya xulosa qildi Aybek Smadiyarov.
Oktyabr oyi boshida Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektorida 25 ga yaqin oila, jumladan, mamlakat fuqarolari borligini ma’lum qildi.
23 oktyabr kuni G‘azo sektorida Qozog‘iston fuqarosi halok bo‘lgani, u bilan birga qizi ham vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Deputat Nuriya Niyozova G‘azo sektorida joylashgan qozog‘istonliklarni uzluksiz aloqa bilan ta’minlashni taklif qildi.
O‘tgan hafta Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov G‘azo sektorida hozirda 76 nafar qozog‘istonlik borligini ma’lum qildi. Oila a’zolari bilan birga ularning soni 161 tani tashkil etadi.
LiveBarchasi