Litva Ukrainaga Yevropa qo‘shinlarini kiritishni taklif qildi

Olam

image

Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis Rossiya Shimoliy Koreya askarlarini urushda ishtirok etish uchun jalb qilganidan so‘ng, Ukrainaning G‘arb ittifoqchilarini ham qo‘shin yuborish g‘oyasiga qaytishlari kerakligini aytdi. Bu haqda vazir o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Yil boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qo‘shin yuborish imkoniyatiga ishora qilgan edi. Yil oxirida esa Shimoliy Koreya buni amalga oshirdi… Makronning g‘oyalarini qayta ko‘rib chiqish kerak, kech bo‘lsa ham”, deb yozdi u X’da.

Landsbergis “Politico” nashriga ham shunga o‘xshash izoh bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya armiyasi Shimoliy Koreya askarlarini jalb qilgani haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, NATO davlatlari Ukrainaga qo‘shin yuborish imkoniyatini va Makronning boshqa g‘oyalarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron agar Rossiya frontni yorib o‘tsa, G‘arb qo‘shinlari Kiyevga yordam berish uchun safarbar etilishi mumkinligini aytgan. U, shuningdek, Ukraina hududiga o‘quv missiyasi yuborish istagida bo‘lgan davlatlar koalitsiyasini yaratishni taklif qilgan. Litva va Estoniya ushbu tuzilma tarkibiga kirishga tayyor ekanini bildirgan bo‘lsa-da, bu g‘oya AQSH va Germaniyada qo‘llab-quvvatlanmagan. Natijada tashabbus katta muhokamadan so‘ng noma’lum muddatga qoldirilgan va uning taqdiri noaniq bo‘lib turgan edi. Biroq 10 oktyabr kuni Buyuk Britaniyadan Ukrainaga harbiy instruktorlar borishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. “The Times” nashri manbalariga ko‘ra, bunday qadam qirollik hududida Ukraina askarlarini tayyorlash jarayonida yuzaga kelayotgan ba’zi logistik muammolarni hal qilishga va mablag‘ tejashga yordam beradi. Ukraina Qurolli kuchlari vakillaridan biri nashrga bergan intervyusida tayyorgarlik mamlakatini o‘zgartirish boshqa davlatlarga va Rossiyaga kuchli harbiy-siyosiy signal bo‘lishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya razvedkasi KXDRning Rossiyaga yordam berish uchun Ukraina urushiga qo‘shilayotgani haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgan edi. Unga ko‘ra, Shimoliy Koreya allaqachon 12 ming askarni to‘rt brigadaga bo‘lgan holda urushga yubormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Litva Ukraiana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing