Litva noqonuniy migratsiya sabab Markaziy Osiyodagi viza markazini yopyapti
Olam
−
05 iyul
3626Litva Migratsiya departamenti vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomaga arizalarni qabul qiluvchi Tojikistondagi tashqi xizmat ko‘rsatish markazini yopishni taklif qilmoqda. Bu haqda LRT radiosi xabar berdi.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi boshida ushbu Markaziy Osiyo davlatining taxminan 6250 nafar fuqarosi mamlakatda yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan. Tojikistondan kelgan muhojirlar soni ikki yil ichida qariyb 5 baravarga oshgan.
Migratsiya departamenti rahbari Evelina Gudzinskaytening LRT radiosiga aytishicha, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma muddati tugaganidan keyin tojikistonliklar ko‘pincha Litvada noqonuniy ravishda qolib ketadi.
“Noqonuniy migratsiya bo‘yicha ma’lumotlarga nazar tashlasangiz, o‘z vaqtida ketmaydigan va ketish to‘g‘risida buyruq, ya’ni qaytish to‘g‘risida qaror chiqarilishi kerak bo‘lgan Tojikiston fuqarolari soni, masalan, shunday o‘zbekistonliklarga qaraganda, foizda ko‘proq”, dedi u.
Gudzinskaytening so‘zlariga ko‘ra, tojikistonliklar ham vaqti-vaqti bilan Belarus-Litva chegarasida paydo bo‘lib, mamlakatga noqonuniy kirishga harakat qiladi.
Ma’lumot uchun, hozirda xorijda Litva Migratsiya departamentining 31 ta tashqi xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda; o‘tgan yili bunday markazlar soni 34 tani tashkil etardi. Livan, Iordaniya va Shri-Lankadagi xizmat ko‘rsatish markazlari yopildi.
LiveBarchasi