Litva hukumati iste’foga chiqishini e’lon qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 23 iyun kuni Inga Ruginene boshchiligidagi Litva koalitsion hukumati iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Avvalroq, Litva Seymidagi eng yirik partiya bo‘lgan sotsial-demokratlar populistik “Zarya Nemana” (Neman tongi) partiyasi bilan ittifoqdan chiqishga qaror qilgan va boshqa ikki siyosiy kuch bilan yangi mahkama tuzish bo‘yicha kelishib olgan. Ruginene mahkamasi qariyb to‘qqiz oy davomida hokimiyatda bo‘ldi.

“Bugun og‘ir kun, lekin shu bilan birga, bu o‘tgan yilga, qanday ishlaganimizga va qanday natijalarga erishganimizga nazar tashlashimiz mumkin bo‘lgan kundir. Men vazirlarga bir necha bor aytganman va bugun ertalab ham takrorladim: hozir stol atrofida o‘tirgan jamoadan chin dildan mamnunman. Chunki barcha qiyinchiliklarga qaramay, faxrlanishga arzigulik ishlarimiz bor va har biringiz davlatimiz farovonligi hamda odamlar hayotini yaxshilashga katta hissa qo‘shdingiz. XX hukumatning barcha a’zolariga va butun jamoaga ushbu murakkab davrdagi birgalikdagi mehnati, mas’uliyati va qaror qabul qilishdagi qat’iyati uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu vaqt ichida biz birgalikda bir qancha qiyin qarorlarni qabul qildik, lekin har doim bir maqsadni – Litvada odamlar xavfsizroq, munosib va kuchliroq yashashini ko‘zladik. Buning uchun har biringizga rahmat aytaman”, deydi Ruginene.

Sotsial-demokratlar bilan yangi koalitsiyaga Litva dehqonlar, yashillar va nasroniy oilalar ittifoqi, shuningdek, “Litva nomidan” demokratlar ittifoqi kiradi. Hukumatni sotsial-demokratlar yetakchisi Mindaugas Sinkyavichyus boshqarishi kutilmoqda, uning partiyasi vazirlik portfellarining aksariyatini o‘zida saqlab qoladi. 

Ma’lumot uchun, Sotsial-demokratlar 2024 yilgi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan edi. Ular tomonidan tuzilgan Gintautas Palutskas boshchiligidagi birinchi hukumat 2025 yilda korrupsiya mojarosidan keyin iste’foga chiqqan, shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasini Inga Ruginene boshqarishga kirishgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya Bosh vaziri Evika Silinya va uning ortidan butun hukumat iste’foga chiqqan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing