Litva hukumati iste’foga chiqdi

Olam

image

Ingrida Shimonite boshchiligidagi Litva hukumati Prezident Gitanas Nauseda oldida iste’foga chiqdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tartib qonun bilan belgilangan. Bugun, 14 noyabr kuni oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan ovoz berishning ikki bosqichida yangi saylangan respublika Seymi (parlamenti) o‘z ishini boshladi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqadi va davlat rahbari keyingi 15 kun ichida Bosh vazir lavozimiga nomzodni deputatlar tasdig‘iga taqdim etishi kerak.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Prezident hukumatga yangi Bosh vazir tayinlangunga qadar va Vazirlar Mahkamasi shakllanguncha hozirgi hukumat o‘z vazifalarini bajarishda davom etishni topshirgan.

Saylovda g‘alaba qozongan Litva Sotsial-demokratik partiyasi Bosh vazir lavozimga o‘z raisi o‘rinbosari, kompyuter tizimlari bo‘yicha 45 yoshli mutaxassis Gintautas Palutskasni topshirdi. U partiya raisi Viliya Blinkevichutening Bosh vazir lavozimiga nomzodini qo‘ymaslik, balki Yevropa parlamenti deputati bo‘lib qolishi haqidagi qaroridan so‘ng ko‘rsatilgan.

Ma’lumot uchun, Prezident Gitanas Nauseda va Bosh vazir Ingrida Shimonite joiry yil may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida kurashgan. Ikki bosqichda davom etgan saylovlarda amaldagi Prezident g‘alaba qozonib, lavozimiga qayta saylangan.

Eslatib o‘tamiz, Litvada 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining ikkinchi bosqichida muxolifatdagi Litva sotsial-demokratik partiyasi (LSDP) ko‘pchilik ovozlarni olgandi. Sotsial-demokratlar ikki tur natijalariga ko‘ra, parlamentdagi 141 o‘rindan 52 o‘ringa egalik qiladi. Hukmron “Vatan ittifoqi – Litva xristian-demokratlari” konservativ partiyasi – 28 o‘rinni, “Zarya Nemunas” partiyasi – 20 o‘rinni, “Litva uchun” demokratik ittifoqi – 14 o‘rinni oladi. Litva dehqonlari ittifoqi – sakkiz mandatga egalik qiladigan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Litva Gitanas Nauseda Ingrida Shimonite

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing