Lirani o‘nglab bo‘lmayapti. Turkiya puli yana keskin qadrsizlandi
Olam
−
20 dekabr 2021
10717Turkiya savdo ma’lumotlariga ko‘ra, turk valyutasi qadrsizlanishda davom etmoqda. Bugun, 20 dekabr kuni mamlakat Markaziy banki asosiy stavkani pasaytirgandan so‘ng lira 6 foizga qadrsizlanib, bir dollar 17,38 liraga teng bo‘ldi.
Joriy yilning 16 dekabr kuni Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani 15 foizdan 14 foizga pasaytirish haqida qaror qabul qildi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an diskont stavkasini pasaytirish tarafdori va bu inflyatsiyaning pasayishiga olib keladi deb hisoblamoqda. Shuningdek, u 2019 yil iyulidan buyon Markaziy bank rahbarini uch marta, Moliya vazirini esa 2021 yil noyabridan beri ikki marta almashtirgan.
Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon turk lirasining dollarga nisbatan qadri 48 foizga pastlagan. Turkiyada milliy valyutaning dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi oqibatida mamlakatning yirik shaharlari Anqara va Istanbulda hukumat istefosini talab qilib xalq norozilik namoyishlari o‘tkazgan. Namoshiylar ortidan Istanbul politsiyasi 40 dan ortiq kishini hibsga olgan.
Joriy yilning 16 dekabr kuni Turkiya milliy valyutasi – lira Markaziy bank stavkasining pasaytirilishi kutilayotganda AQSH dollariga nisbatan 3 foizga qadrsizlanib, tarixiy antirekord yangilandi va 1 dollar 15 liraga baholandi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an milliy valyuta liraning keskin qadrsizlanishi fonida mamlakatda minimal oylik ish haqi 2825 liradan 4250 liraga ko‘tarilishini ma’lum qildi. Hozirda Erdo‘g‘an eng kam maoshdan olinadigan ayrim soliqlarni ham bekor qilmoqchi.
Avvalroq Turkiyaning asosiy muxolif partiyalari yetakchilari Erdo‘g‘anni iqtisodiy qobiliyatsizlikda ayblab, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirgan edi. Turkiya rahbari bu taklifni rad etib, mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari rejalashtirilganidek 2023 yil iyun oyida bo‘lib o‘tishini aytgan.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi