Turkiyada lira “qulashi” fonida eng kam maosh 50 foizga oshirildi
Olam
−
17 dekabr 2021
7249Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an milliy valyuta liraning dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi fonida mamlakatda minimal oylik ish haqi 2825 liradan 4250 liraga ko‘tarilishini ma’lum qildi.
“Har yilning dekabr oyida vazirlik (Mehnat vazirligi – tahr.), kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ishtirokidagi yig‘ilishlarda eng kam ish haqi miqdori aniqlanadi. Bugun yakuniy qaror qabul qilindi. Ishchilar va ish beruvchilar vakillari eng kam oylik ish haqi haqida turlicha qarashga ega. Tomonlar murosaga erishganidan xursandman. Ushbu muzokaralar doirasida biz 2022 yilda eng kam ish haqi kamida 4250 lira bo‘lishi haqida qaror qabul qildik. Voyaga yetmagan farzandi borlar uchun esa bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘ladi”, degan Erdo‘g‘an jurnalistlarga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2021 yilda 2825 lira bo‘lgan eng kam ish haqi deyarli 50 foizga o‘sgan, bu “so‘nggi 50 yildagi rekorddir”.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, eng kam maoshdan olinadigan ayrim soliqlar ham bekor qilinmoqda.
Kecha, 16 dekabr kuni Turkiya milliy valyutasi – lira Markaziy bank stavkasining pasaytirilishi kutilayotganda AQSH dollariga nisbatan 3 foizga qardlarsizlanib, tarixiy antirekord qayd etilgandi va 1 dollar 15 liraga teng bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan buyon turk lirasining dollarga nisbatan qadri 48 foizga pastlagan. Mutaxassislarga ko‘ra, mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi 21,3 foizni tashkil qilmoqda. Ammo ba’zilar bu ko‘rsatkich noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlashmoqda. Muxolifatdagi Respublika Xalq Partiyasi lideri Ekrem Imomo‘g‘li bir yil ichida Istanbulda narx-navo 50 foizga oshganini da’vo qilmoqda.
Turkiyada milliy valyutaning dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi oqibatida mamlakatning yirik shaharlari Anqara va Istanbulda hukumat istefosini talab qilib xalq norozilik namoyishlari o‘tkazgandi. Namoshiylar ortidan Istanbul politsiyasi 40 dan ortiq kishini hibsga olgan.
Munira Tursunova
LiveBarchasi