Lira qadrsizlanishi: Istanbulda 40 dan ortiq kishi hibsga olindi 

Olam

image

Turkiyada Istanbul politsiyasi lira qadrsizlanishi ortidan namoyishlarga chiqqan 40 dan ortiq kishini hibsga oldi. Bu haqda “Duvar” portali xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Istanbulning Kadiko‘y tumanida hukumat iste’fosini talab qilib shiorlar bilan chiqqan namoyishchilarga qarshi politsiya suv purkagan. Namoyishchilar Istanbulning Avjilar va Bakirko‘y tumanlarida ham to‘plangan. Politsiya miting o‘tkazilishi rejalashtirilgan maydonni to‘sib qo‘ygan. 

Turkiya Xavfsizlik bosh boshqarmasi lira kursining keskin tushib ketishi tufayli ko‘cha namoyishlariga chaqiruvlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, 23 noyabr oqshomida turk lirasi qulagani oqibatida Istanbul, Anqara va Turkiyaning boshqa bir qancha shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar hukumat iste’fosi va hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasini hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun chora ko‘rdi. 

23 noyabr kuni turk valyutasi bir dollar uchun 11,37 dan 13,21 liraga tushib, yangi antirekord o‘rnatdi. Turkiyalik moliyaviy tahlilchi Arda Tunjaga ko‘ra, bir kunda bunday keskin pasayish oxirgi 20 yildagi maksimal ko‘rsatkichdir. 

Avvalroq, Turkiya aholisi turk lirasi zaiflashganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an hukumatini qo‘llab-quvvatlayotgani haqida xabar bergandik.  


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya namoyish lira

Baholaganlar

195

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing