Levandovski “Oltin butsa” sovrinini qabul qilib oldi
Sport
−
21 Sentabr 2021
4188“Bavariya” hujumchisi Robert Levandovski 2020-2021 yilgi mavsumda Yevropa qit’asining eng yaxshi to‘purari sifatida “Oltin butsa” sovrini bilan taqdirlandi. Polshalik futbolchi Bundesligada 41 ta gol urdi va Germaniyada Gerd Myullerdan keyin (1970 va 1972) mazkur sovrinni qo‘lga kiritgan ikkinchi o‘yinchi bo‘ldi.
“Men buyuk sharafdan xursandman. O‘z oilamga, jamoadoshlarimga, murabbiylar shtabiga va “Bavariya”ning barcha vakillariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men ularning qo‘llab-quvvatlashisiz bunday unvonlarni qo‘lga kirita olmasdim. Sportda, xuddi hayotda bo‘lgani kabi, jamoadoshlarni qadrlash, qo‘llab-quvvatlash, har doim halol bo‘lish va boshqalarga o‘rnak bo‘lishga harakat qilish juda muhimdir. Shuning uchun men bu mukofotni har kuni yonimda bo‘lgan odamlar uchun bag‘ishlayman. Erishgan jamoaviy yutuqlarimizdan juda xursandman. Barchaga katta rahmat”, deydi Levandovski.
Eslatib o‘tamiz, “Oltin butsa” sovrini 1968 yildan beri topshirib kelinadi. Gerj Myullerdan tashqari, Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu, Franchesko Totti, Terri Anri, Ronaldo Nazario, Marko van Basten, Xristo Stoichkov va Eusebio kabi ko‘plab futbolchilar ushbu sovringa ega chiqqan. “Bavariya”ning sobiq futbolchilari – Roy Makaay va Luka Toni ham Yevropa to‘purari bo‘lgan, biroq ular o‘sha paytda “Deportivo La Korunya” va “Fiorentina”da faoliyat yuritgan.
LiveBarchasi