38 yoshli Levandovski “Barsa”dan yangi taklif oldi

Sport

image

Kataloniyaning “Barselona” klubi jamoa hujumchisi Robert Levandovskini jamoada yana bir yil olib qolmoqchi. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 37 yoshli Levandovski “Barselona” taklifi bilan tanishgan. Uning agenti Pini Zaxavi shu hafta Kataloniya poytaxtiga borib, klub vakillari bilan uchrashgan va “Barselona”ning aniq rejalari bilan tanishgan.

So‘nggi haftalarda bir qator klublar yozda “Barsa” bilan amaldagi shartnomasi yakunlanadigan polyak hujumchisini o‘z safiga jalb qilish uchun faol harakat qilmoqda. Jumladan, “Yuventus”, “Milan”, “Chikago Fayr” va Saudiya klublari uni o‘z safida ko‘rmoqchi. Shu sababli uning agenti “Barselona”ning futbolchiga nisbatan pozitsiyasini bilib olishni muhim deb hisoblaydi.

Klub prezidenti Joan Laporta o‘tgan oydagi saylov kampaniyasi davomidayoq Levandovski bilan shartnomani uzaytirishni istashini bildirgandi. Biroq klubning yozgi transfer bozoridagi asosiy maqsadi yangi markaziy hujumchi sotib olish ekani, shuningdek, Levandovski avgustda 38 yoshga to‘lishini inobatga olib, “Barselona” unga bir yillik shartnoma va hozirgi maoshidan ancha kamroq maosh taklif qilmoqda.

Manbaning ta’kidlashicha, futbolchining ustuvor maqsadi “Barselona”da qolish. U Kataloniyada rafiqasi va ikki qizi bilan baxtli va qulay hayot kechirayotganini muhim omil sifatida ko‘radi, hatto moliyaviy jihatdan yuqoriroq takliflardan voz kechishga tayyor.

Shu bilan birga, raqobatni yaxshi ko‘radigan futbolchi sifatida Levandovski jamoada ikkinchi darajali rolni ham qabul qilishga tayyor, ammo bu faqat oldinda yuqori saviyadagi asosiy hujumchi bo‘lgan taqdirdagina amalga oshishi mumkin. Shuning uchun u nafaqat moliyaviy, balki kelajakdagi raqobat nuqtai nazaridan ham klub rejalarini bilishni istagan.

Ayni paytda ko‘plab klublar qiziqish bildirgani sababli Levandovski qaror qabul qilish uchun aprel oyi oxirigacha muhlat so‘ragan.

Ramazon Usanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Levandovski Barsa yangi taklif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing