Letekse Argentina–Misr o‘yinidan keyin Instagram’ini o‘chirib tashladi

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionatining 1/8 final bosqichidagi Argentina va Misr (3:2) o‘rtasidagi bahsni boshqargan fransiyalik hakam Fransua Letekse uchrashuvdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan keskin tanqid va haqoratlar kuchaygach, Instagram sahifasini o‘chirib tashladi.

Mazkur uchrashuv turnirning eng bahsli o‘yinlaridan biriga aylandi. Argentina 0:2 hisobida ortda borayotganiga qaramay, kambek amalga oshirib, qo‘shimcha vaqtda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Biroq o‘yindan keyingi muhokamalar asosan hakamlik qarorlari atrofida kechdi.

Eng katta bahslarga ikki epizod sabab bo‘ldi. Birinchisi Misrning hisobga olinmagan goli, ikkinchisi esa Argentinaning g‘alaba goli oldidan qoidabuzarlik bo‘lgan-bo‘lmagani haqidagi bahslar. Har ikki holat ham muxlislar, futbol ekspertlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida keng muhokama qilindi.

Misr milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Hussam Hasan uchrashuvdan keyin FIFA’ni Lionel Messini himoya qilishda aybladi va boshqa Jahon chempionati o‘yinlarini tomosha qilmasligini ma’lum qildi.

Keyinroq Misr futbol assotsiatsiyasi prezidenti Hani Abu Rida FIFA’ga rasmiy shikoyat yo‘llab, hakamlar brigadasi faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazish hamda ularni musobaqaning keyingi o‘yinlaridan chetlatishni talab qildi.

Mazkur voqeaga futbol olamining taniqli namoyandalari ham munosabat bildirdi. “Real Madrid” bosh murabbiyi Joze Mourino ushbu bahsli vaziyatni “kunduzgi o‘g‘rilik” deb atab, VAR tizimini tanqid qildi. Angliya terma jamoasining sobiq sardori Jon Terri esa mazkur uchrashuv futboldan ko‘ra hakamlik qarorlari bilan ko‘proq yodda qolishini ta’kidlab, Fransua Letekseni izchilliksiz qarorlar qabul qilganlikda aybladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya va Paragvay uchrashuvidan keyin o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashevni Fransiya matbuoti tanqid qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing