Lavrov va Aroqchi Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Bugun, 30 noyabr kuni Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari xabar berdi. 

Suhbat chog‘ida har ikki tomon Suriyada qurolli guruhlar tomonidan Halab va Idlib viloyatlarida sodir etilgan terrorchilik hujumi munosabati bilan vaziyatning xavfli keskinlashuvidan xavotir bildirib, Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladi. Vazirlar Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish va vaziyatni Ostona formati doirasida zudlik bilan har tomonlama ko‘rib chiqish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi. Ma’lumki,  Suriyadagi fuqarolar urushini tugatish maqsadida 2017 yilning 23-24 yanvar kunlari Rossiya, Turkiya va Eron tashabbusi bilan Ostona shahrida tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tgan. 

“Vazirlar mazkur masalani Ostona jarayoni doirasida davom ettirish va Islomiy kuchlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Eron Respublikasi, Rossiya va Turkiya uchta kafil davlat sifatida bu jarayonni muhim deb bilishadi”, deyiladi Eron TIV bayonotida.

Aroqchi terrorizmning dahshatli hodisasiga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyat mas’uliyatini eslatib, terroristik guruhlarning Suriyadagi so‘nggi harakatlarini Isroil va AQSHning vaziyatni beqarorlashtirish rejasining bir qismi deb atagan. 

Ma’lumot uchun, 2011 yilda boshlangan Suriyadagi fuqarolar urushi paytida keng kurashlar va bosimlarga qaramay Suriya rahbari Bashar Asad o‘z hokimiyatini saqlab qolgan edi. Asadning kuchlari mamlakatning ko‘plab hududlarida nazoratni tikladi, ammo ba’zi hududlar hali ham Asadga muxolif guruhlarning qo‘lida qolgan edi.

So‘nggi kunlarda Suriyadagi jangari islomiy guruhlar harakatga kela boshladi. Xususan, “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTS) jangari guruhi va unga ittifoqchi guruhlar joriy yilning 27 noyabr kunidan beri Halab va Idlib viloyatlaridagi bir qator shahar va qishloqlar ustidan nazoratni qo‘lga kiritgani ma’lum qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Anqaraning Suriya armiyasi va Suriyaning Idlib va Halab viloyatlaridagi hukumatga qarshi tuzilmalar o‘rtasidagi janglarga aloqasi yo‘qligini aytgandi.

Diyorjon Quvondiqov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Suriya Eron Lavrov Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing