Lavrov Ukraina g‘allasi masalasida Kiyevga shart qo‘ydi

Olam

image

Rossiya Ukraina g‘allasi masalasida Ukraina va Turkiya tomonlari bilan muzokaralar jarayoniga tayyor. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 8 iyul kuni yigirmatalik (G20) Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha bayonotida aytib o‘tdi. 

“Biz ukrainalik va turkiyalik hamkasblarimiz bilan muzokaralarga tayyormiz. Bizda barcha yechimlar bor: agar gap Ukraina g‘allasi haqida ketayotgan bo‘lsa, Ukraina o‘z portlarini blokdan chiqarishi, ularni minalardan tozalashi yoki minalangan maydonlardan xavfsiz o‘tishini ta’minlashi kerak va allaqachon Ukraina hududiy dengizidan tashqarida, Rossiya va Turkiya tegishli kemalarning xavfsizligini ta’minlashga va ularni bo‘g‘ozlarga olib chiqishga tayyor. Keyinchalik ular O‘rta er dengiziga mustaqil ravishda boradilar”, deydi Lavrov.

Rossiya Tashqi siyosati mas’uli ta’kidlaganidek, bu yerda asosiy rolni harbiylar o‘ynaydi, chunki hamma narsa dengiz flotidan foydalanish bilan bog‘liq.  

“Muzokaralar qachon davom etishini ayta olmayman, chunki men bir necha kundan beri Moskvada bo‘lmaganman, lekin tasdiqlay olamanki, biz har doim tayyormiz”, deya qo‘shimcha qildi vazir. 

Eslatib o‘tamiz, 21 iyun kuni Moskvada Turkiya va Rossiya harbiy delegatsiyalari o‘rtasida Ukraina donini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish masalasi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi ularni ijobiy va konstruktiv deb atab, maslahatlashuvlarni davom ettirishga qaror qilinganini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Don yo'lagi

Baholaganlar

418

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing