Don yo‘lagining Istanbuldagi qo‘shma muvofiqlashtirish markazi yopildi
Olam
−
20 iyul 2023
4286Rossiya Don kelishuvidan chiqishi munosabati bilan Istanbulda bundan bir yil avval tashkil etilgan Qo‘shma muvofiqlashtirish markazining faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda TRT kanali Turkiya Mudofaa vazirligidagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya vakillari Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazini tark etgan. Hozirda Turkiya Harbiy departamenti Don kelishuvining tiklanishiga hamon umid qilmoqda va tegishli idoralar orqali uning ishtirokchilari bilan muzokaralarni davom ettiryapti. Mudofaa vazirligi, shuningdek, don yo‘lagiga muqobil variantni ko‘rmayotganini bildirgan.
Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi vakili g‘alla yo‘lagi bo‘yicha kelishuv bekor qilinganidan keyin Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishning imkoniyatlari haqidagi savolga javob bergan.
“Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz butun dunyoda juda foydali deb e’tirof etilgan tashabbusni uzaytirish tarafdorimiz. Bu borada barcha tomonlar bilan maslahatlashmoqdamiz”, deydi u.
Qo‘shma muvofiqlashtirish markazining faoliyati yakunlanganini Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham tasdiqladi. Vazirlik vakili bu xabarning to‘g‘riligini bildirgan holda, batafsil ma’lumot bilan bo‘lisha olmasligini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi 2022 yilning 26 iyulida tashkil etilgan edi. Mazkur markaz Don kelishuvi bilan bog‘liq masalalarni amaliy jihatdan tezkorlik bilan hal qilish maqsadida ochilgan.
Ta’kidlash joizki, dunyo don savdosining uchdan bir ulushi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yili boshlangan urush Qora dengiz orqali Ukraina donini eskport qilish imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi. Bu esa jahon bozorida oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi va import donga bog‘liq bo‘lgan ba’zi qashshoq mamlakatlarda ocharchilik xavfi yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Mazkur muammolarning oldini olish maqsadida 2022 yilda Turkiyaning vositachiligi va BMTning qo‘llovi bilan to‘rt tomonlama Don kelishuvi imzolangandi. Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi esa Ukraina g‘allasini tashish va taqsimlashni ta’minlashi ko‘zda tutilgandi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha bor muddati uzaytirilgan Don yo‘lagi kelishuvi joriy yilning 17 iyul sanasida yakuniga yetdi. Rossiya kelishuvning uzaytirilmasligiga sabab sifatida Qora dengiz koridori orqali tashilgan donning asosiy qismi haqiqatdan ham muhtoj bo‘lgan davlatlarga emas, boy va o‘ta boy mamlakatlarga yuborilganini keltirmoqda. Mamlakat bitimga qaytish uchun o‘z talablari bajarilishi kerakligini ta’kidlayapti. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya Don kelishuviga qaytmagan taqdirda muhtoj davlatlarga donni tekinga yetkazib berishga tayyor.
LiveBarchasi