Zelenskiy don yo‘lagi kelishuvini Rossiyasiz ham davom ettirmoqchi
Olam
−
18 iyul 2023
6478Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog‘ida Ukraina prezidenti Rossiya ishtirokini to‘xtatib qo‘ygan don yo‘lagi kelishuvini saqlab qolish uchun “mas’uliyatli davlatlar” bilan ishlash zarurligini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Men BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan suhbatlashdim. Mavzu aniq – bu Rossiyaning ochlik va global oziq-ovqat bozoridagi beqarorlikdan qurol sifatida foydalanish uchun navbatdagi urinishi. “Terrorchi davlat” Ukraina oziq-ovqat eksportiga qaram bo‘lgan turli mamlakatlarda 400 million kishining hayotini xavf ostiga qo‘ydi. Eng keskin vaziyat Afrika va Osiyoning Somali, Efiopiya, Janubiy Sudan va Yaman kabi mamlakatlarida bo‘ladi”, deydi Zelenskiy.
Rossiya tomoni mazkur kelishuvdan chiqishiga asosiy sabab sifatida qashshoq davlatlar loyiha doirasida kam don olayotgani, oldi-sotdi jarayonlarining asosiy qismi (81 foizi) yuqori va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini bildirgan.
O‘z navbatida, Zelenskiy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki uning o‘xshashini uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yuborgan.
“Don yo‘lagi kelishuvi natijalari juda hayratlanarli – qariyb 33 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 45 mamlakatga eksport qilindi. Ularning 60 foizi Afrika va Osiyo mamlakatlariga, xususan, Jazoir, Tunis, Liviya, Misr, Keniya, Efiopiya, Somali, Sudan, shuningdek, Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Indoneziya, Pokiston, Iroq, Livan, Yaman kabi davlatlarga jo‘natildi. Bizning oziq-ovqat eksportimiz, aytganimdek, Yaman va Somali kabi mamlakatlarda insonlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi”, degan Ukraina Prezidenti.
Ma’lumot uchun, don yo‘lagi kelishuvi Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT o‘rtasida 2022 yilning yozida tuzilgan. Unda Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali eksport qilish hamda Rossiya o‘g‘itlari va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdagi to‘siqlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan. Rossiya tomoni mazkur kelishuvning unga taaluqli qismi bajarilmagani sabab u bugun, 18 iyuldan boshlab to‘xtatilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish , AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiya Federatsiyasini don yo‘lagi kelishuvini bekor qilgani uchun qoralagandi.
LiveBarchasi