Lavrov Rossiya qo‘shinlari Afg‘onistonga kiritilishi haqidagi savolga javob berdi 

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishi ehtimoliga izoh berib, buning javobi aniq ekanini aytdi.  

“Biz o‘zimiznikilarni Afg‘onistonga olib kiramizmi? O‘ylaymanki, javob aniq”, degan vazir. 

Lavrov, shuningdek, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) Afg‘onistonga ushbu mamlakat jangarilari hujum qilgan taqdirda yordam berish imkoniyatini darhol ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qilgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi bilan o‘z mag‘lubiyatini tan olganini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT)dagi ittifoqchilariga Respublikaga Afg‘onistondan kelib chiqadigan muammolarni yengishda yordam so‘rab, murojaat qilgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, hozirda KXSHTga Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Belarus a’zo hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH o‘z qo‘shinlarining 90 foizini, allaqachon, Afg‘onistondan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari, Italiya va Germaniya ham ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi “Tolibon” harakatiga ustunlik bermoqda va ular birin-ketin mamlakat tumanlarini egallab kelmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning 50-70 foizi toliblar qo‘lida.

Bu esa o‘z navbatida Afg‘oniston hukumati qo‘shinlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ular toliblarga qarshi jangda vaqti-vaqti bilan chekinishga va hatto, qo‘shni O‘zbekiston hamda Tojikiston hududlariga qochib o‘tishga ham majbur bo‘lmoqda.

Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan. 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya Lavrov

Baholaganlar

597

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing