Lavrov Ozarbayjon-Armaniston orasidagi transport yo‘llarini blokdan chiqarishga urinib ko‘radi
Olam
−
19 may 2023
3605Kelgusi haftada Ozarbayjon va Armaniston orasidagi transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ozarbayjonlik va armanistonlik mavqedoshlari bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan bayonotida ma’lum qildi.
“Keyingi haftada transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari boshchiligidagi uch tomonlama guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Natija ijobiy bo‘ladi, degan umiddamiz. Tomonlar yakuniy kelishuvga allaqachon yaqinlashib qolgan”, degan rossiyalik vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar yaqin vaqt ichida Rossiyaning maslahatlashuv ishtirokida chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olgan.
Shuningdek, Lavrov Rossiya Federatsiyasi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni yanada normallashtirishga ko‘maklashish niyatida ekaniga ishontirgan.
Lavrovning aytishicha, Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari Qorabog‘dagi xavfsizlik holati yaxshilanmasa, tinchlik shartnomasi ustida ishlash qiyin bo‘lishini ta’kidlagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, Armaniston va Ozarbayjon Moskvadagi muzokaralarda tinchlik shartnomasi mavzusida o‘zaro tushunishni yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov va Armaniston Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan Vashington chekkasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken vositachiligida uchrashib, Yerevan va Baku o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvga oid navbatdagi muhokamalar raundini o‘tkazgandi. May oyi o‘rtalarida esa ikki davlat yetakchilari Prezident Ilhom Aliyev va Bosh vazir Nikol Pashinyan Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel vositachiligida Bryusselda uchrashdi. Sharl Mishel Baku va Yerevan Ozarbayjonning Naxchivan Muxtor Respublikasi bilan segmentda temir yo‘l aloqasini tiklash masalasi bo‘yicha kelishuvga yaqin turganini aytdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Pashinyan Rossiya yetakchisi Vladimir Putin vositachiligida 25 may kuni Moskvada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralar o‘tkazishini aytdi.
LiveBarchasi