Lavrov MDH davlatlari Rossiya anneksiyasiga qanday munosabatda ekanini aytdi
Olam
−
15 Oktabr 2022
12937Rossiyaning MDHdagi hamkorlari Ukrainaning Donbass mintaqasida ayirmachilar tomonidan tuzilgan tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Zaporoje va Xerson viloyatlarining RFga qo‘shilishining ob’ektiv realligini tushunadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shunday fikr bildirdi.
Ostonada “referendum”lar natijalariga ko‘ra tegishli hududlarni Rossiyaga qo‘shib olish masalasi muhokama qilindimi, degan savolga javob berar ekan, vazir Moskva ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va plebissitlar o‘tkazish jarayonida barcha hamkorlarni xabardor qilganini ta’kidladi.
“[Ular] hech qanday savol berishmayapti. Bu ob’ektiv voqelik ekanini hamma tushunyapti”, deydi Rossiya TIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
Buning ortidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 12 oktyabr kuni Rossiya o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan “DXR” va “LXR” hamda bosib olingan Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazgan “referendum”ni qoralovchi rezolyutsiyani qabul qildi. BMTga a’zo 193 davlatdan 143 tasi rezolyutsiya uchun ovoz berdi. Besh davlat qarshilik qilgan – Belarus, Shimoliy Koreya, Nikaragua, Suriya va Rossiya. Ovoz berishda 35 davlat, jumladan, Xitoy, Hindiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston betaraf qolgan. Ovoz berishda 10 ta davlat, jumladan, Ozarbayjon, Turkmaniston va Venesuela qatnashmagan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi "referendum"lardan keyin e’lon qilgan bayonotida rasmiy Toshkent o‘zga davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini bildirdi.
LiveBarchasi