Lavrov BMT Xavfsizlik Kengashida G‘arb ustidan “mag‘zava ag‘dardi”

Olam

image

Kecha, 24 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida chiqish qilib, G‘arb mamlakatlarini ko‘p qutblilik tamoyillarini qo‘pol buzishda aybladi. 

Lavrov Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari J.Borrelning “Yevropa jannat bog‘i, qolgan dunyo esa o‘rmondir” degan bayonotini hamda  joriy yilning 10 yanvaridagi NATO-Yevropa Ittifoqi qo‘shma bayonotidan iqtibos keltirgan. 

“Birlashgan G‘arb” NATO va Yevropa Ittifoqiga tegishli barcha iqtisodiy, moliyaviy, siyosiy va harbiy vositalardan "bir milliardimiz" manfaatlari uchun foydalanadi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Shuningdek, Rossiya TIV rahbari G‘arb davlatlarini mintaqaviy darajada ko‘p tomonlama jarayonlarni "o‘zi uchun" qayta shakllantirishga kirishganini aytgan. 

“Hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning ittifoqchilarining muhim kuchlari o‘nlab yillar davomida ASEAN atrofida muvaffaqiyatli ochiq iqtisodiy va xavfsizlik hamkorlik tizimi rivojlangan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ko‘p tomonlama munosabatlarga putur yetkazish uchun joylashtirildi. Ushbu tizim ASEAN’ning o‘nta a’zosi va ularning muloqot bo‘yicha hamkorlari, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSH, Hindiston, Yaponiya, Avstraliya va Koreya Respublikasiga mos keladigan konsensus yondashuvlarini ishlab chiqishga imkon berdi, bu esa haqiqiy inklyuziv ko‘p tomonlamalikni ta’minlaydi. Hind-Tinch okeani strategiyalarini ilgari surish orqali Vashington ushbu o‘rnatilgan arxitekturaning qulashi uchun yo‘nalishni belgiladi”, degan Sergey Lavrov.

Bundan tashqari, Rossiya Tashqi ishlar vaziri G‘arb davlatlarining BMT va boshqa xalqaro institutlar kotibiyatlarini o‘ziga bo‘ysundirishga uyatsiz urinishlari ko‘p tomonlama tizimga tahdid solganini aytgan. U G‘arb foydasiga har doim miqdoriy nomutanosiblik bo‘lgani, ammo yaqin vaqtgacha Kotibiyat betaraf qolishga harakat qilganini ta’kidlagan. Shuningdek, u Kotibiyat rahbariyatini a’zo mamlakatlarga konsensus, muvozanatni topish yo‘llarini taklif qilish zarurligini hisobga olishga chaqirgan. Aks holda, ko‘p tomonlama kun tartibi o‘rniga, "oltin milliard" va dunyoning ko‘pchilik o‘rtasida bo‘linishi chuqurlashishi aytilgan.

Lavrov so‘zi oxirida yig‘ilishni yoritayotgan barcha jurnalistlarga murojaat qilgan. U Rossiya OAV xodimlarining bu yerga kirishga ruxsat berilmaganini ta’kidlagan. 

“AQSHning Moskvadagi elchixonasi bizning samolyotimiz havoga ko‘tarilgan paytda ularga vizali pasport berishga tayyorligini masxara bilan e’lon qildi. Shuning uchun sizdan katta iltimos: rossiyalik jurnalistlarning o‘rnini qoplang. Hisobotlaringizni dunyo bo‘ylab auditoriyaga hukmlar va baholashlarning to‘liq ko‘p qirraliligini yetkazadigan tarzda yozishga harakat qiling”, degan Lavrov.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya BMT Sergey Lavrov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing