Latviya ham Belarus bilan chegarasini mustahkamlayapti

Olam

image

Latviya 11 avgustdan Belarus bilan chegarada kuchaytirilgan xavfsizlik rejimini joriy qiladi. Bu haqda Latviya hukumati saytida ma’lum qilindi.

“8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi chegara xizmatining 2023 yil 11 avgustdan 2024 yil 10 fevraliga qadar Ludza, Kraslava, Augshdaugava okruglari va Daugavpils ma’muriy hududlarida olti oy muddatga kuchaytirilgan ish faoliyati joriy etildi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Aytish joizki, yuqorida sanab o‘tilgan hududlar Belarus bilan chegaradosh hisoblanadi.

Bildirilishicha, mazkur buyruq davlat chegarasi daxlsizligini ta’minlash va davlatga nisbatan ehtimoliy tahdidning oldini olish maqsadida, shuningdek, Latviya-Belarus chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holatlari, bunday kesib o‘tishga urinishlar va ularning ko‘payishi tendensiyasini hisobga olgan holda chiqarilgan.

"Butun mintaqa davlatlarining Belarus bilan chegaralarini teng darajada himoya qilishi, uni noqonuniy kesib o‘tishga qarshi yagona va muvofiqlashtirilgan xalqaro harakatni ta’minlashi juda muhimdir", deya qo‘shimcha qilingan hukumat xabarida.

Ma’lumot uchun, Belarus beshta davlat – Polsha, Litva, Latviya, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina bilan chegaradosh. “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Belarusga o‘tgani, shuningdek, Rossiya mamlakatga taktik yadro qurolini joylashtirganidan so‘ng uning qo‘shnilari chegarani mustahkamlay boshlagan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Litva Prezidenti Gitanas Nauseda mamlakatning Belarus bilan chegarasini butunlay yopilishni istisno qilmasligini aytgan edi. Polsha esa muntazam armiyasini deyarli ikki baravar oshirishini, Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha ming nafar askar joylashtirishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Polsha Mudofaa vaziri Mariush Blashak Rossiya va Belarus bilan chegarada sapyorlar bataloni tashkil etilishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Belarus' Latviya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing