Tramp mehmonxonasi yonida portlash sodir etgan haydovchining shaxsi aniqlandi
Olam
−
03 yanvar
7289AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) va politsiya Nevada shtati Las-Vegas shahrida AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga tegishli Trump International mehmonxonasida Tesla Cybertruck pikapida portlagan haydovchining shaxsini aniqladi. Bu haqda huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib, Amerika OAVlari xabar berdi.
Ularning yozishicha, portlashda gumonlanuvchi shaxs Kolorado-Springsda (Kolorado shtati) yashovchi 37 yoshli Mettyu Livelsberger bo‘lgan. Livelsberger 2006 yildan beri AQSH armiyasida xizmat qilayotgan edi. U Germaniyada maxsus kuchlar guruhida xizmat qilgan.
"Mettyu Livelsberger voqeadan oldin mashina ichida o‘z joniga qasd qildi", dedi Las-Vegas sherifi Kevin Makmaxill kecha, 2 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, 1 yanvar kuni Las-Vegasdagi Trump International mehmonxonasi oldida Cybertruck pikap mashinasi yonib ketgandi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida yetti kishi jarohatlangan. Pikap haydovchisi halok bo‘lgan.
Xuddi shu kuni Nyu-Orlean shahrida mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:15 da yuk mashinasi haydovchisi bayram o‘tkazayotgan olomonni katta tezlikda bosib ketdi. Kamida 15 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi.
AQSH Federal qidiruv byurosi vakili Kristofer Rayaning aytishicha, Nyu-Orleandagi hujum va Las-Vegasdagi Cybertruck portlashi o‘rtasida aniq bog‘liqlik yo‘q.
LiveBarchasi