“La’natlangan rohiba” Warner Brothers’ni sudga berdi
Madaniyat-san’at
−
18 avgust 2023
14049Milliard dollarlik “The nun” (“Rohiba”) franshizasida iblis rohiba rolini ijro etgan aktrisa Bonni Aarons Warner Brothers kinokompaniyasini sudga berdi. U studiya ushbu filmdan topgan haqiqiy pul miqdorini yashirayotganini da’vo qilmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Aarons 15 avgust kuni Los-Anjeles oliy sudiga shikoyat kiritgan. Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, filmdagi rohiba rolini o‘ynagani uchun unga 71 ming 500 AQSH dollari miqdorida haq to‘langan. Shuningdek, u film taxmin qilingan 22 million dollarlik byudjetga nisbatan ko‘p – 365 million dollar daromad olganidan keyin 175 ming dollar bonus olgan.
Ammo bildirilishicha, aktrisaning kompaniya bilan tuzgan shartnomasi “Warner Brothers kompaniyasining yalpi tushumidan ulush olish” shartini ham o‘z ichiga oladi. Aaronsga film bilan bog‘liq litsenziyalangan tovarlardan kelgan daromadning 5 foiz ulushi va’da qilingan. Bunday tovarlar o‘yinchoqlar, qo‘g‘irchoqlar, bezaklar, ignalar, zargarlik buyumlari, futbolkalar, paypoqlar, ko‘rpa-to‘shaklar, kostyumlar, ichimliklarni o‘z ichiga oladi.
Aaronsning shikoyatida aytilishicha, 2019 va 2022 yillar oralig‘ida kinostudiya o‘zining ulushini ko‘rsatadigan yozma bayonotlarini yuborgan. Ammo bu sonlar amalga oshirilgan keng miqyosdagi savdo faoliyatiga mos kelmaydi. Raqamlar haqida batafsil ma’lumot berish so‘ralganda, studiya ma’lum litsenziyalarning faqat bir qismi keltirilgan elektron jadval yuborgan.
“Warner Brothers shaffof tarzda hisob-kitob qilish va to‘lash o‘rniga Aarons xonimning savdo daromadlaridagi haqiqiy ulushini yashirdi”, deyiladi ushbu da’vo arizasida.
LiveBarchasi