Ko‘zingiz qayerda edi? – Zaxarova Ozarbayjonning Londondagi elchixonasiga qilingan hujum haqida
Olam
−
06 avgust 2022
12558Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ozarbayjonning Londondagi elchixonasi xodimlariga bir guruh radikallar tomonidan uyushtirilgan hujum munosabati bilan Moskvaning qo‘llab-quvvatlovini bildirdi. U Britaniya hukumati va politsiyasi nega elchixona va diplomatlar xavfsizligini ta’minlamayotganiga hayron bo‘ldi.
"Londondagi ozarbayjonlik hamkasblarimga o‘z qo‘llab-quvvatlashimni bildirmoqchiman. Ozarbayjonning Britaniyadagi elchixonasiga qilingan radikal hujum haqidagi voqea meni hayratda qoldirdi. Kuppa-kunduzda butun bir vandallar to‘dasi diplomatik vakolatxona hududiga bostirib kirdi, davlat ramzlari, binoga zarar yetkazdi. Xudoga shukur, hech kim jabrlanmadi”, deb yozdi Telegram’dagi kanalida.
Zaxarova diplomatik vakolatxonalar hududi daxlsizligi xalqaro munosabatlarning tamal toshi ekanligini, bu esa butun dunyo bo‘ylab diplomatlarning muammosiz ishlashini ta’minlashini ta’kidladi.
“Bunday hodisalar odatiy emas”, deydi u.
Shu munosabat bilan diplomat 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasining 22-moddasi 2-bandi matnida qabul qiluvchi davlat vakolatxona binolarini har qanday bosqin yoki zarardan himoya qilish va missiya tinchligiga har qanday buzilish yoki uning qadr-qimmatiga tajovuz qilishning oldini olish uchun barcha tegishli choralarni ko‘rishga alohida burchli ekanini eslatib o‘tdi.
“Elchixona va diplomatlar xavfsizligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Britaniya rasmiylari va politsiyasiga savol: qayerda edingiz? Assanjni Ekvador elchixonasida zodagonlardek qo‘riqlashdi”, deydi Zaxarova.
Ma’lumot uchun, 4 avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi radikal diniy guruh hujumiga uchradi. Shaxsi noma’lum bir necha kishi elchixonaga bostirib kirib, bino ayvonida diniy bayroqlarni ochib, radikal shiorlarni aytgan. Mahalliy politsiya aralashuvi bilan vandalizm to‘xtatilgan va jinoyatchilar qo‘lga olingan.
Hodisa oqibatida elchixona xodimlari jabrlanmagan. Voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyaga Vena konvensiyasiga muvofiq diplomatik vakolatxonalar binolari xavfsizligini ta’minlash zarurligi to‘g‘risida ogohlantirish yuborilganini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyaning Bakudagi muvaqqat ishlar vakili Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Hujum munosabati bilan unga keskin norozilik bildirildi.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyalik diplomatga ushbu provokatsiya “diplomatik missiya xavfsizligini ta’minlash muammosini jiddiy ravishda ochib bergani va qabul qiluvchi davlat xalqaro huquqiy majburiyatlariga muvofiq xavfsizlik choralarini ko‘rishi kerakligi” aytilgan.
Ozarbayjon elchixonasiga qilingan hujumga rasmiy Toshkent ham munosabat bildirib, bunday harakatlarni qoraladi.
LiveBarchasi