Ko‘zi ko‘kargan ayollar O‘zbekistonda gender tenglik belgisimi? So‘z Sayyora Xo‘jayevaga
Intervyu
−
06 dekabr 2019
11038O‘zbekiston gender tenglikka oid – "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilishga boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha kechikdi. “Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan 15 yildan buyon Oliy Majlisda yotgan ushbu qonun qabul qilindi va bu mamlakat uchun muhim qadam”, deydi Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, yuridik fanlari nomzodi, Adliya polkovnigi Sayyora Xo‘jayeva.
2017 yili qizlar boshlang‘ich ta’lim sohasida 50%ni, o‘rta maktabda esa 54%ni tashkil etgan. 2018 yildagi statistik ma’lumotga ko‘ra, oliy ta’lim sohasida xam xotin-qizlar soni ortgan va talabalarning 40% xotin-qizlar bo‘lgan, bu 2011 yildagi ko‘rsatkichdan 36% ko‘p demakdir. Xotin-qizlarning savodxonlik darajasi esa 99,98%ni, ya’ni dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichardan birini tashkil etadi. O‘zbekiston bundan faxrlansa arziydi. Biroq, bu to‘liq natijaga erishdik degani emas.
Gender tenglik hali oilalarga, to‘rt devor orasiga kirib bora olganicha yo‘q. Bunga esa vaqt kerak. Mahalliy sharoit, qadriyatlar, ayol va erkak, oila munosabatlaridagi mavjud yozilmagan qonunlar O‘zbekistonda gender tengligi yo‘q yoki O‘zbekistonda gender tengligi – ishga ko‘zi ko‘karib borgan ayol timsolida, deb jar solishga asos bo‘lolmaydi.
Xo‘sh, bu borada huquq himoyachilari nima deydi? So‘z Sayyora Xo‘jayevaga.
“Gender tenglik to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston, jamiyat uchun katta va muhim qadam bo‘ldi. 15 yil Oliy Majlisda yotgan qonun faqat Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli dunyo yuzini ko‘rganini biz bayram deb hisobladik. Prezidentimiz ham aytganlaridek, qonunni qabul qilish 50 % ish. Qolgan 50 %i targ‘ibot va uning ijrosi bilan.
Lekin bir narsani aytmoqchiman: jamiyat hali tayyor emas. Gender so‘zi ko‘pchilikni, ayrim olim, yuqori saviyali erkaklarimizni ham cho‘chityapti. Hech kerak emas edi gender tengligi, bekor qabul qilindi degan gaplarni ham eshitdik. Aytmoqchimanki, agar yuqori saviyali, intellektual salohiyati kuchli erkaklarimiz shunday desa, oddiy odamlarimizdan nima kutishimiz mumkin. Chunki, xalqimizning 60 %i qishloqlarda yashaydi. Shuning uchun ham xalqaro tashkilotlarning ko‘zi ko‘kargan ayol O‘zbekistonning yuzi deb aytayotgani fakt deb o‘ylayman.
Biz ham nodavlat tashkilotmiz. Qayerga bormasak, targ‘ibot qilyapmiz. Erkaklar bilan faqat ayollar emas, erkaklar ham muloqot qilib, tushuntirishi kerak. Men o‘ylamanki, bu qonunni hayotga tadbiq etishimizga hali ancha vaqt kerak bo‘ladi”, deydi Sayyora Xo‘jayeva.
Ayol jamiyatda rahbar lavozimida ishlagani, uning huquqlari himoyalangani, hatto, erkaklarni boshqargani bilan, uyda oddiy ayol – ona, rafiqa. Oilalarda gender tenglikni ta’minlash masalasi e’tibordan chetda qolmaganmi?
“Hamma oilalar bir xil emas. O‘qigan, salohiyatini keng oilalar o‘zaro munosabatlardagi tenglikni tushunadi. Lekin ko‘pchilik aholimiz qishloqdaligini inobatga olsak, hali tayyor emasmiz. Ammo, o‘tirsak, o‘tiraveramiz. Ming rahmat, shu qonun qabul qilindi. Shuning uchun endi biz bu qonunni targ‘ibot qilib, chaynab, odamlarga tushuntirib, mohiyatini yetkazishimiz kerak. Gender – bu faqat ayollarni rahbarlik lavozimiga o‘tkazdik, degani emas. Bunda erkak va ayollar teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak”.
O‘zbekistonda gender tenglikka daxl qiluvchi bir qator omillar mavjud. Bu ham bo‘lsa ayollarning o‘zi. Bu birgina qaynona-kelin munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Xo‘sh, ekspertlar bu haqda qanday fikrda?
“Stereotip. Bu yillar davomida shakllanib kelgan. Yaqinda senator opamiz Maqsuda Vorisova ijtimoiy tarmoqda to‘ylar masalalaridagi maqolalarini e’lon qildilar. Lekin men ularga 102 yil avval qabul qilingan hujjatni ko‘rsatdim. Kechirasiz, hali ham o‘sha muammo. O‘sha-o‘sha chorlar, dasturxonlar, to‘y masalalari... Bu bir-ikki yilda o‘zgaradigan masala emas. Stereotiplarni ham sindirish kerak”, deb so‘ziga yakun yasaydi huquq faoli.
LiveBarchasi