Gulnora Karimova qamoqxonada koronavirusga chalinganmi?
Jamiyat
−
12 noyabr 2020
74270O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond Forum vasiylik kengashi raisi va uyushgan jinoyatchilik rahbari bo‘lgan Gulnora Karimova ayni vaqtda sud tomonidan belgilangan jazo muddatini o‘tayotganidan xabaringiz bor. Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda va xalqaro OAVda Gulnora Karimovaning jazoni ijro etish muassasasida koronavirusga chalingani haqida gaplar tarqaldi.
Bugun, 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan Matbuot anjumanida komissiya raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevadan Gulnora Karimovaning bugungi holati haqida so‘raldi. Norboyeva o‘z so‘zida uning koronavirusga chalinganini rad etdi.
“Bularning barchasi mish-mish gap, asoslanmagan faktlar”, deydi Norboyeva.
U bu savolga IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshligi o‘rinbosari, xotin qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Umida Abdullayeva javob berishini aytib, unga yuzlandi.
“Bu gaplarga asos yo‘q. O‘z joniga qasd qildi yoki boshqa shu kabi gaplarga asossiz. Unga sud tomonidan jazo belgilangan va fuqaro jazo muddatini o‘tayapti”, deydi Abdullayeva.
Tanzila Norboyevadan Gulnora Karimova bilan bog‘liq vaziyatga ayol sifatida baho berishi so‘ralganda, u shunday javob qaytardi.
“Bugun Gender tenglik haqida gapiryapmiz, ayolmi yo erkak, jinoyat qilsa, teng javob berishi kerak”
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
Joriy yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.
Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N. Sodikovga 20 yil, O. Sviridovga 17 yil 3 oy, A. Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh. Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G. Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
J. Abduraxmanov va B. Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.
LiveBarchasi
26 noyabr