Kusherboyevga o‘zbekcha gapirmagan Wizzair xodimlariga chora ko‘rildi
Jamiyat
−
06 mart 43030 2 daqiqa
Vengriyaning Wizzair aviakompaniyasi O‘zbekistonga reyslarida o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyevning Samarqand-Abu-Dabi yo‘nalishi bilan Wizzair aviakompaniyasi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlardan foydalanganda aynan shunday muammoga duch kelgani yuzasidan qoldirgan murojaatini ko‘rib chiqqan.
Raqobat qo‘mitasining olib borgan o‘rganishlarida murojaatchining uchish davrida aviakompaniyaning ekipaj a’zolari tomonidan xorijiy tilda xavfsizlik qoidalari haqida ma’lumot berilgani, bu qoidalarni o‘zbek va rus tillarida tushuntirib berishlari so‘ralganida xodim tomonidan unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lingan, bortni tark etishni talab qilingan va shu tarzda fuqaro mazkur reysda Abu-Dabiga yetib borgani ma’lum bo‘lgan.
Qo‘mita tomonidan Transport vazirligiga o‘rganishlar yuzasidan so‘rov xati yuborilgan. Natijada o‘zboshimchalik bilan xatti-harakatlarni amalga oshirgan mazkur aviakompaniya xodimlariga nisbatan chora ko‘rilgan. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishda yuzaga kelgan kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida ekipaj a’zolariga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, muomala madaniyati, har bir mamlakatning parvozga aloqador qonunlari va tartib-taomillari hamda aviayo‘lovchilarni hurmat qilish bo‘yicha trening kurslari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, aviakompaniya 2025 yilda O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatuvchi har bir havo kemasida bort kuzatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi personallar o‘zbek tilida faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yilishi ta’minlangan.