O‘zbek tili ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim – Prezident
Jamiyat
−
20:20 339 2 daqiqa
O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur. Shuningdek, o‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim. Bu haqda bugun, 28 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda gapirdi.
Prezident tadbirda dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallash uchun bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari zarurligini ta’kidlagan. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kirilib, muallimning obro‘-e’tibori tiklanmoqda, daromadi oshirib borilmoqda.
O‘tgan o‘n yilda aholi 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazilgan. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgan.
Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim olish imkonini bergan. Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratilgan.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlar kengayishi hisobiga talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetgan. Yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchayib, ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylangan.
“Talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi. Bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir”, deydi davlat rahbari.
Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili sifatida belgilangan.
AT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga yangi ruh berilib, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsad qilingan.
Istiqlol bayrami arafasida xitoylik hamkorlar bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshi fazoga uchirilgani alohida g‘urur bilan qayd etilgan.
“Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur. O‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim”, deydi davlat rahbari.
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholi salomatligiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlangan. So‘nggi yillarda sohaga ajratilayotgan mablag‘ 8 karradan ziyod oshirilib, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati markazda ham, hududlarda ham yaratilgan.
Live
Barchasi