Centrum Air’dan chipta olgan yo‘lovchilar sarson bo‘ldi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Centrum Air aviakompaniyasiga nisbatan e’tirozli murojaatlar e’lon qilindi. Xususan, aktirsa Bahora Arslonova ushbu kompaniyadan chipta olib, manziliga ucha olmaganini aytib chiqdi.

“Na yig‘lashni, na kulishni bilaman. Samarqanddan Toshkentga ketish uchun mana shu Centrum Air’dan onlayn bilet sotib olgan edim. Soat yettida uchib ketadigan samolyotimiz kechikadi, dedi. Men soat to‘rt yarim, beshlar chamasida keldim-da, nimaga kechikadi, deb eshitsam, ha, oltida ochiladi, kechikayapti samolyot, ungacha o‘tirib turing, oltida ochiladi, deyishdi. Ha, dedim. Men oltigacha o‘tirib turdim. Oltida ochildi. Kassa ochilgandan keyin men bordim-da, bilet oldim. Menga bilet berishdi. Keyin ichkariga kiryapman, ichkarida meni qaytarishdi. Nimaga qaytaryapsizlar, desam, familiyangiz noto‘g‘ri, to‘g‘rilab keling familiyangizni, dedi. Kelsam, umuman boshqa bir ayolning biletini menga berishgan. Keyin aytdim, meni familiyamni noto‘g‘ri yozibsiz, boshqatdan bering bilet, desam, sizning biletingiz bekor bo‘lgan, deydi. Qanaqasiga 600 ming so‘m pulimni oldi, nimaga bekor bo‘ladi, deb SMS kelmadi, kechikadi, deb S keldi. Nimaga unaqa qilyapsizlar, desam, yo‘q, bilmaymiz, bizda bekor bo‘lgan. Qo‘ng‘iroqlar markaziga telefon qiling, ular bilishadi, biz bilmaymiz, dedi. Voy, qanaqasiga? Ular bilishmasa men qayerdan bilishim kerak? Mana 600 mingga olgan biletim, mana Centrum Air’mi, nimadir degan kompaniya, shunaqa gapirganim ham kelmayapti jahlim chiqqanidan. Hozir Toshkentga borishim kerak, s’yomkam bor, undan tashqari xizmatim bor. Men endi qanaqa qilib ketaman?” deydi o‘z murojaatida aktrisa.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kompaniya bilan bog‘liq yana bir videomurojaat tarqaldi. Unda Turkiyadan O‘zbekistonga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchi bilan muammo kelib chiqqan.

“Biz hozir Trabzon aeroportidamiz. Qo‘lingizda bilet bo‘la turib, uchib keta olmaslikni mana shu yerda ko‘ryapman, birinchi marta. Centrum Air’dan biz bilet olganmiz, borish-kelishga. Bugun uchib ketishimiz kerak, lekin bizning bilet shunchaki boshqa odamga sotilgan. Ya’ni, bitta samolyotning bileti boshqa insonlarga ham sotilarkan. Hozir biz kelsak, qo‘limizda bilet, lekin joy yo‘q va sizlarni boshqa samolyotga o‘tkazishimiz mumkin, boshqa soat va Istanbul orqali borishlaringiz kerak. Men Centrum Air’ga tushunmadim. Bu qanaqa servis? Men pulimga bilet sotib olganman. Men hozir aeroportda turibman. Masalan, qo‘limda bir so‘m pulim yo‘q va uyda meni bolalarim kutyapti, borishim kerak. Hammani o‘zini rejalari bo‘ladi. Kimning nima haqqi bor mening biletimni yana kimgadir sotishga? Rejalarimiz, vaqtimiz, hamma narsa shunga qaratilgan edi va 220 talik samolyotda 240 kishiga bilet sotilgan. Bu degani 20 kishi nima qiladi? Almashib, vaqtini o‘zgartirib, sarson bo‘ladimi?” deya savol qo‘ygan yo‘lovchi. 

Ushbu holatlar yuzasidan kompaniya munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, birinchi holatda yo‘lovchi agregator servis orqali to‘lov qilgan, biroq mablag‘ aviakompaniyaga kelib tushmagani sababli bron avtomatik bekor qilingan. Vaziyat aniqlangach, agregator bilan bog‘lanilib, yo‘lovchiga mablag‘ qaytarilgan.

Ikkinchi holatda esa texnik sabablarga ko‘ra havo kemasini zudlik bilan almashtirish zarurati yuzaga kelgan. Yo‘lovchilar belgilangan tartibda mehmonxona, ovqatlanish, kompensatsiya va yangi aviachiptalar bilan ta’minlangan.

“Centrum Air uchun har bir yo‘lovchining ishonchi muhim. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va barcha murojaatlarni tezkor hal qilishga harakat qilamiz”, deyiladi munosabatda.

Qayd etish joiz, bungacha ham ushbu kompaniyaning Umra safarlari va charter reyslar bilan bog‘liq muammolari sababli e’tirozlar bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, xususan, 2025 yilning dekabrida Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli samolyotda yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli Qozon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan reys 27 soatga kechiktirilgandi. Oqibatda 200 dan ortiq yo‘lovchi Qozon xalqaro aeroporti hududida qolib ketgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing