Centrum Air yo‘lovchini reysga chiqarmadi. Aviakompaniya sababini tushuntirdi (video)

Jamiyat

−

image

Kecha, 5 oktyabr kuni Centrum Air aviakompaniyasining C6468 Samara – Toshkent reysiga bir yo‘lovchi chiqarilmadi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, aviakompaniyaning matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Yo‘lovchining so‘zlariga ko‘ra, bort kuzatuvchisi undan tashqariga chiqishini so‘ragan. U nima sababdan chiqarib yuborilganini tushunmaganini aytgan. Shuningdek, yo‘lovchi undan o‘zbek tilida gapirishni so‘raganida, xodim “Xohlasam ruscha, xohlasam o‘zbekcha gapiraman”, deb javob berganini bildirgan.

“Qo‘yishmadi, o‘zbekcha gapiring deganim uchun”, degan yo‘lovchi.

Aviakompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, yo‘lovchi bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan va uning ishiga xalaqit bergan. Shu sababli, havo kemasi komandiri uni parvozga qo‘ymaslikka qaror qilgan.

“Yo‘lovchi qo‘pol tarzda talablar qo‘ygan, xodimani haqorat qilgan va yo‘lovchilarning bortga chiqishi vaqtida uning ishiga xalaqit bergan. Bunday xatti-harakat bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid tug‘dirishi mumkin edi. Shu sababli, havo kemasi komandiri yo‘lovchini parvozga qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qarorni to‘liq asosli deb hisoblaymiz”, deyiladi munosabatda.

Kompaniyaga ko‘ra, hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgan. Aviakompaniya mazkur fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Centrum Air aviakompaniyasining C6 316 Istanbul – Farg‘ona reysida uchgan yo‘lovchilarning 99 ta bagajlari Istanbulda qoldirilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing