Centrum Air yo‘lovchilarining 100 ga yaqin bagaji Istanbulda qoldirib ketildi (video)
Jamiyat
−
12:33 1307 2 daqiqa
Kecha, 4 oktyabr kuni Centrum Air aviakompaniyasining C6 316 Istanbul–Farg‘ona reysida uchgan yo‘lovchilarning 99 ta bagaji Istanbulga tashlab ketildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilarning murojaatlari tarqaldi. Holat bo‘yicha aviakompaniya munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, havo kemasiga yuk ortishda ekspluatatsion cheklovlar joriy etilgan. Qaror parvozlar xavfsizligi talablariga qat’iy muvofiq ravishda qabul qilingan. Aviakompaniya yuzaga kelgan vaziyat sabab yo‘lovchilardan uzr so‘ragan va bagajlarni imkon qadar tezroq yetkazib berish bo‘yicha ish olib borayotganini bildirgan.
“Ushbu vaziyat ta’sir qilgan barcha yo‘lovchilardan chin dildan uzr so‘raymiz. Bagajsiz uchib kelish qanchalik noqulay va yoqimsiz ekanini tushunamiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilarning bagajlari bugun, 5 oktyabr kuni soat 22:00 da Farg‘ona aeroportiga yetkaziladi.
Aviakompaniya yo‘lovchilardan bagaj birkalarini saqlab qo‘yishni so‘ragan. Barcha savollar bo‘yicha Farg‘ona aeroportining bagaj bo‘limiga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bu Centrum Air aviakompaniyasi bilan kuzatilayotgan ilk muammo emas. Joriy yilning 17 sentyabr kuni aviakompaniyaning C6 302 Istanbul–Toshkent reysi 3 soatdan ortiq kechikkani haqida xabar berilgan edi. Undan olinroq esa aktrisa Bahora Arslonova ushbu kompaniyadan chipta olib, manziliga ucha olmaganini aytib chiqqan edi. Bundan tashqari, Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli samolyotda yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan reys 27 soatga kechiktirilgandi. Shu bilan birga, Centrum-Air xususiy aviakompaniyasi bir o‘ringa ikki chipta sotganligi ham aniqlangandi.
Live
Barchasi