“Qani samolyotingiz?!” Centrum Air yo‘lovchilari yana soatlab aeroportda qolib ketdi (video)

Olam

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Centrum Air aviakompaniyasining Istanbul – Toshkent yo‘nalishidagi C6302 reysi 3 soatdan ortiq vaqtga kechikkani va bu holat yo‘lovchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan Centrum Air kompaniyasining Istanbul – Toshkent reysi kechikishi yuzasidan holat nazoratga olinib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, reys kechikishi vaqtida yo‘lovchilarga zarur axborot va tegishli xizmatlar ko‘rsatilgani, shuningdek, iste’molchilar huquqlari ta’minlanganligi bo‘yicha tushgan murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, bir yo‘lovchining farzandi uzoq vaqt davom etuvchi operatsiyadan chiqqan. Uning farzandiga o‘tirish mumkin bo‘lmagan. U yotgan holatda Toshkentga qaytishi kerak bo‘lgan. Biroq reysning uchish vaqti 4 marotaba o‘zgartirilgan.

“Farzandim bir yillik navbat kutishlar bilan o‘ta muhim bo‘lgan uzoq davom etuvchi operatsiyadan chiqdi. Farzandimga hozir o‘tirish mumkin emas. Lekin parvoz 4 marta kechiktirildi. Avval samolyotimiz 11:00 da uchishi kerak edi, keyin 11:30 ga, 12:00 ga, 12:30 ga va oxir-oqibat 13:30 gacha kechiktirildi. Bolamning mazasi qochib, Istanbul aeroportining ichida u yerdan bu yoqqa yugurib yuribman. Hozir bolam o‘rindiqda yotibdi, chunki unga o‘tirish mumkin emas”, degan yo‘lovchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aeroport xodimlari bolaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavotir sabab uni samolyotga chiqarishdan bosh tortgan.

“Bu bolani biz olib keta olmaymiz, yo‘lda mazasi qochib qolsa, biz javob bera olmaymiz”, deb aeroport xodimlari ularni rad qilgan.

Shu sabab yo‘lovchi farzandining shifokoridan ma’lumotnoma ham olib kelgan.

“Yerning tagidan bo‘lsa ham shifokorning xulosasini olib kelib berdim. Shifokor ham “Men javob beraman, samolyotda nimadir bo‘lsa”, deb bo‘yniga oldi. Mayli, men ma’lumotnomasini qildirib keldim. Lekin sizlarchi? Qani samolyotlaringiz? Parvoz nega qayta-qayta kechiktirilmoqda?” degan yo‘lovchi videomurojaatida.

Centrum Air aviakompaniyasi esa haligacha holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan. Biroq kecha, 17 sentyabr kuni aviakompaniyaning matbuot xizmati kechikishning umumiy vaqti 3 soat 20 daqiqani tashkil etganini ma’lum qilgan.

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, fuqarolar aviatashuv xizmatlaridagi iste’molchilarning huquqlariga yetarli darajada rioya etilmaslik holatlari yuzasidan 1159 yagona ishonch raqamiga murojaat qoldirishlari mumkin.

Bildirilishicha, o‘rganish natijalarida qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, Qo‘mita tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llaniladi. Shuningdek, ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi qayd etilgan.

“Ma’lumot o‘rnida: Raqobat qo‘mitasiga bugungi kungacha Centrum Air va boshqa aviakompaniyalar xizmatlaridan noroziligi bo‘yicha 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, amaldagi qoidalarga parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniya aybi bilan belgilangan jadvaldan kechiktirib uchishi yoki belgilangan manzilga kechiktirib eltib qo‘yganligi uchun, yo‘lovchiga pullik kompensatsiya miqdorini belgilash va to‘lash tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘rish yuzasidan Transport vazirligiga bir nechta ko‘rsatmalar berilgan bo‘lib, bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi holat Centrum Air’da birinchi bor kuzatilmayapti. Jumladan, avval ham ijtimoiy tarmoqlarda Centrum Air aviakompaniyasiga nisbatan e’tirozli murojaatlar e’lon qilingan. Xususan, aktrisa Bahora Arslonova ushbu kompaniyadan chipta olib, manziliga ucha olmaganini aytib chiqqan edi.

Bundan tashqari, Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli samolyotda yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan reys 27 soatga kechiktirilgandi.

Shu bilan birga, Centrum-Air xususiy aviakompaniyasi bir o‘ringa ikki chipta sotganligi ham aniqlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing