Kusherboyev O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi maqomida qo‘shilishiga qaysi “knopka”ni bosdi?

Jamiyat

image

Kecha, 28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligi masalasi ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda deputatlar tomonidan O‘zbekistonning Ittifoqda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etishi ma’qul, deb topildi. Ushbu qaror bo‘yicha yig‘ilishda ishtirok etgan jami 132 nafar deputatdan 86 nafari tarafdor (yoqlab), 32 nafari qarshi, 14 nafari esa betarafman deb ovoz berdi. Birgina deputat ovoz bermadi. 

Xo‘sh, jamoatchilik orasida eng faol deputatlardan biri bo‘lgan deputat Rasul Kusherboyev qaysi taraf bo‘ldi va sabablarini qanday izohlaydi? QALAMPIR.UZ tahririyati Kusherboyevga bog‘lanib, shu va boshqa savollarga javoblar oldi.

Unga ko‘ra, kechagi majlisda O‘zbekistonning YeOIIga a’zoligi masalasida har bir partiya fraksiyasi o‘z pozitsiyasini bildirgan. Milliy tiklanish partiyasi vakillari bu masalada rasman o‘z qarshiligini ifodalagan. Bu yerda gap a’zolik emas, ittifoqqa kuzatuvchi sifatida kirish haqida gap ketmoqda. Bu degani ittifoqning faoliyatini yanada kuzatib, foyda-zararlarini yanada bilib olish mumkin. Ayrimlar bu holat mustaqillikka ham ta’sir qilishi mumkin, degan vajlarni aytmoqda. Lekin, eng avvalo, ittifoqqa kirish bilan O‘zbekiston fuqarolari nima topadi, ittifoq zararmi yoki foydami, degan savollarga javob topib olish kerak.

"O‘zimizdagi va xalqaro ekspertlarni fikrlarini eshitsak, ular bu bilan O‘zbekistonga migrantlar va iqtisodiy tarafdan raqobatga chidamli tadbirkorlar uchun erkin savdoda qulayliklar bo‘ladi, deb aytmoqda. Bir tomondan, migrantlar bilan bog‘liq patent masalasi oldindan bo‘lgan masala emas. Adashmasam, bu masalaga 4-5 yil bo‘ldi. Lekin bu holatni xuddi davlatlarni migrantlar orqali bog‘lash siyosati sifatida ham ko‘rish mumkin. Ta’sir ko‘rsatishning bir vositasi sifatida. Patent masalasini keyinchalik kreditga ham berilishi mumkin, degan farazlar ham bor. Patent masalasini Rossiyaning tashqi siyosatini kuchaytirish uchun qilingan amaliy ishlardan biri deyish ham mumkin”, dedi deputat.

Kusherboyevga ko‘ra, Rossiyaning o‘zida ham fuqaro uchun rasmiy soliq to‘lab, uni ishlatishdan qochadigan ish beruvchilar ham ko‘p uchraydi. Chunki shu vaqtgacha ular tomonidan o‘zbek migrantlarining ko‘pchilik qismi norasmiy ishlatilib kelingan. Bu tizim to‘liq joriy qilinadigan bo‘lsa, teskari natija berib, rasmiy ish berish jarayonlaridan qochish yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf ham bor. Amalda bu holat Qirg‘iziston fuqarolari bilan yuz bergan.

“Erkin savdo qilish imkoniyatining kengayishi haqida gap ketmoqda. Ittifoq davlatlari bozoriga erkin kirib borish kerak deb hisoblasak, buni MDHga a’zo davlatlar doirasida ham qilishimiz mumkin. Bu borada o‘zaro kelishuvlarimiz ham bor. Lekin YeOII davlatlari bilan MDHdagi kelishuvlardan tashqari yana qanday kelishuvlarga erishish mumkin? Mana shu savolga javob topib olish kerak. Biz iqtisodiy tarafidan ko‘ra, ittifoqqa kirishdagi siyosiy tomonlarni ham hisobga olishimiz zarur. Siyosiy jihatdan nima yutishimiz mumkin, ustuvorlik ham shu tarafga qaratilishi kerak.

Masalan o‘zim ham iqtisodiy tarafdan nima yutamiz yoki yutqazamiz, siyosiy tarafdan-chi, degan savollarga hanuz to‘liq javoblar topa olmadim. Bunga javoblarni qidirishimiz kerak. Balans ushlay olmayapman. Buning uchun xalqaro darajadagi iqtisodchi, siyosatchilarimiz buni yetarlicha tahlil qilib berishi kerak. Hozirgi pozitsiyamiz juda katta xato bo‘ldi, deb o‘ylamayman. Kuzatuvchi maqomi bularni to‘liq anglab yetishimizga imkon beradi, deb hisoblayman. Shu sababli men betaraf sifatida ovoz berdim. Ochig‘i, betaraflik yaxshi pozitsiya emas. Men bu variantni kamdan kam hollarda tanlayman. Lekin to‘liq anglab yetmaganim uchun mana shu yo‘lni tanlashga majbur bo‘ldim”, deydi Kusherboyev.


 


Maqola muallifi

Teglar

EOII Kusherboev

Baholaganlar

591

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing