Kusherboyev to‘ylarni butkul cheklashni, emlashni esa majburiylashtirishni taklif qilyapti
Jamiyat
−
06 iyul 2021
13869O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina olishni ixtiyoriydan majburiy shaklga o‘tkazish va to‘y o‘tkazishni butkul cheklash kerak. Bu taklifni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev bildirmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 28 iyunidan e’tiboran karantin choralari biroz kuchaytirildi. Deputat Rasul Kusherboyevga ko‘ra, “karantin bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlarning zaif tomoni shundaki, bu amalda katta natija bermay, aksincha, aholining hukumat va huquq tartibot idoralari xodimlariga nisbatan noroziligini oshirishi mumkin”.
Uning qayd etishicha, mamlakatda to‘y va ma’raka o‘tkazishda kazo-kazolarning o‘zi ham karantin cheklovlariga amal qilmaydi.
“Chunki birinchidan, bunga amalda rioya etilishini to‘liq nazorat qilish mexanizmi yo‘q. Sababi amalda biz "zo‘r"lar to‘y va ma’raka o‘tkazishda odam soni cheklanishiga rioya qilmaganligiga ko‘p guvoh bo‘ldik. Cheklovlar ko‘pincha "orqasi"da hech kimi yo‘q, oddiy fuqarolar uchun ishlatildi.
Ikkinchidan, bu joylarda karantin koidalarini cheklab o‘tib ishlash istagida bo‘lganlar va nazoratchilar o‘rtasida korrupsion holatlarni oshirishi mumkin. Chunki, soliq, kredit va boshqa majburiy to‘lovlar cho‘zilsa ham biroq to‘liq bekor qilinmadi.
Uchinchidan, karantin qoidalari bekor qilinmagan bir vaqtda joylarda minglab odamlarni to‘plab o‘tkazilgan konsert tomoshalari misolida karantin qoidalariga rioya etishda ikkiyuzlamachilik ishining yuksak cho‘qqisi ko‘rindi: senga mumkinmas, bizga mumkin.
Shu bois, cheklov haqida gap ketganda, odam soniga qaramay yo to‘liq cheklash, yoki to‘liq ruxsat berish lozim, shu jumladan to‘y va oilaviy tadbirlarga ham. Bo‘lmasa bu cheklovlar ham "kimdir to‘y o‘tkazib olishi uchun", degan fikr paydo qiladi”, deydi deputat.
Uning alohida urg‘ulashicha, “kasallikka qarshi ommaviy emlashni ham ixtiyoriylikdan majburiylikka o‘tkazish kerak vassalom. Shunda kutilgan natijaga tezroq erishiladi”.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda pandemiya boshlangandan buyon 113568 nafar kishi koronavirus kasalligiga chalingani qayd etilgan. Shundan 109349 kishi sog‘aygan. 1 apreldan to 5 iyulga qadar O‘zbekistonda 4 million 224 ming 934 doza vaksina qo‘llanilgan.
LiveBarchasi